O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning rekruting kompaniyalari bilan mavsumiy ishlarga kvotalar sonini oshirishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti (MOM), Buyuk Britaniyaning “Seasonal Workers Scheme” (SWS) loyihasi doirasida faoliyat yurituvchi rasmiy operatorlar va ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi ALP (Ishchi kuchi yetkazib beruvchilar assotsiatsiyasi) hamda GLAA (Mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashkilot) o‘rtasida muloqot o‘tkazildi.

Unga O‘zbekistonning ikkita hamkor kompaniyasi bilan birga mamlakatning “Agri-HR-Ltd”, “Fruitful jobs LTD” hamda “Concordia Charity” kabi yangi rekruting tashkilotlari rahbarlari jalb qilindi.

Tomonlar Buyuk Britaniyadagi mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklarni jalb qilish mexanizmlarini muhokama qildi. Bunda nomzodlarni topish, saralash hamda imtihon jarayonlarini shaffof tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

Agentlik rahbariyati O‘zbekiston bilan ishlash istagidagi Angliyaning barcha rekruting operatorlari bilan shartnoma tuzib, fuqarolar uchun ajratiladigan kvotalar sonini ko‘paytirishga kelishib oldi.

Joriy yilning 10-yanvar kuni Migratsiya agentligi hamda Buyuk Britaniyaning “Hops Labour Solutions” rekruting kompaniyasi tomonidan fuqarolarni ishga jalb qilish bo‘yicha tanlov tashkillashtirildi. Biroq, jami 12 331 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tgan tanlov natijalari esa rekruting kompaniyasi tomonidan bekor qilindi.

“Hops” buni uchinchi shaxslar aralashuvi haqidagi xabarlar bilan izohlagan. Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Quronov tanlov qayta tashkil etilishini, platformada ro‘yxatdan o‘tish vaqti va imkoniyati kengaytirilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Qatarning “Jusour” kompaniyasi o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilishga yordam berishi haqida xabar berilgandi.