“Google” korporatsiyasining muhandislari tanlab olingan Android smartfonlariga qurilmalarni o‘g‘irlikdan aqlli himoya qilish funksiyasini qo‘shdi. Bu haqda “Engadget” nashri xabar berdi.

Yangi funksiya sun’iy intellekt asosida ishlaydi. Neyron tarmog‘i qurilmadan foydalanish holatlarini tahlil qilib, begona shaxslarning telefonga kirishga urinishlari yoki o‘g‘irlash holatlarini aniqlaydi.

“Google” vakillarining ta’kidlashicha, masalan, agar operatsion tizim qurilma foydalanuvchining qo‘lidan tortib olinganini aniqlasa, smartfon avtomatik ravishda qulflanadi.

Sun’iy intellekt qulflash holatida “Identity Check” funksiyasi ishga tushadi. Bu funksiya bilan qurilmaga jismoniy kirish huquqiga ega bo‘lgan shaxs biometrik tekshiruvdan o‘tishi va o‘z shaxsini tasdiqlashi lozim bo‘ladi.

“Identity Check” qurilma qulfini ochish yoki qurilmadagi parolni o‘zgartirish uchun bir necha marta muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng faollashadi. Bundan tashqari, gadjet egasi uni Google hisobi orqali masofadan turib qulflash imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” Android smartfonlariga o‘g‘irlik aniqlanganda qulflash funksiyasi qo‘shilgani haqida yozgandi.

Smartfon foydalanuvchi qo‘lidan tortib olinganini va o‘g‘ri qochib ketganini tushunadi. Ekran bloklanadi, uni qulfdan chiqarish uchun PIN-kod va Google hisobi paroli talab qilinadi.