Prezidentning 24-yanvarda qabul qilingan qarori bilan Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etiladi.

Bunda mazkur oliygoh Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida faoliyat yuritadi.

Unda muhandislik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat texnologiyasi, yengil sanoat, neft va gaz, “yashil” energetika, arxitektura va qurilish, transport va logistika, agrotexnologiya, IT va dasturlash sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Shu bilan birga, hududning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji asosida oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi. Unda neft va gaz muhandisligi sohasida Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2025/2026 o‘quv yilidan oliygoh talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi joriy etiladi.

Universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlari xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuboriladi. Yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlar universitetga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan universitetga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.

Joriy yilning 22-yanvar kuni prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda mamlakatning to‘rtta hududida texnika universitetlari tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Bular qatorida Nukus, Farg‘ona va Namangan bilan Buxoro ham bor edi.

Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8ta muhandislik maktabi ochildi. 35 ta muassasani yiriklashtirish orqali 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi, 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.

Avvalroq “Cyber university” faoliyati 2025-yilning sentabridan boshlanishi haqida xabar berilgandi. Talabalar grant va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinib, 2025/2026 o‘quv yilida bakalavr darajasi uchun 100 ta grant ajratiladi.