2024-yilda O‘zbekistonga umumiy qiymati $1,28 mlrd bo‘lgan 74,7 ming dona yengil avtomobillar, shu jumladan elektromobillar import qilingan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Bojxona qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilga nisbatan import hajmi qiymat jihatidan 33,2%ga, miqdor jihatidan esa 7%ga pasaygan.

Xitoydan 61 ming yengil avtomobil olib kelingan — bu jami avtomobillar importining 81,6%ini tashkil etadi. Elektromobillarning deyarli barcha importi Xitoyga to‘g‘ri keladi, 11 oy ichida ularning 22,1 ming donasi olib kirilgan.

Ikkinchi o‘rinda sezilarli farq bilan Janubiy Koreya joylashgan — 11,9 ming avtomobil. Undan keyin AQSh (639ta), Hindiston (577ta) va Yaponiya (168ta) o‘rin olgan. Bundan tashqari, boshqa mamlakatlardan 374ta mashina olib kelingan.

2024-yilda elektr va gibrid avtomobillar importi birinchi marta benzinli avtomobillardan oshib ketgani haqida xabar berilgandi.

Yengil avtomobillarning umumiy importi pul qiymatida uchdan bir qismga kamayib, $1,27 mlrdga tushdi.

Jami 32,98 ming benzinli yengil avtomobil import qilindi, bu 36,3%ga pasayishni ko‘rsatdi. Pul ifodasida import hajmi $1,18 mlrddan $707,2 mlngacha (-40%) qisqardi. Xorijiy avtomobillarning o‘rtacha narxi 6%ga pasayib, $21,47 mingni (QQS va bojxona to‘lovlarisiz) tashkil etdi.

O‘z navbatida, “yashil” avtotransport vositalarining olib kirilishi sezilarli darajada ko‘paydi. Masalan, elektr dvigatelli yengil avtomobillar importi yarmiga — 16 mingdan 24 ming donagacha oshdi. Biroq pul hisobida bu ko‘rsatkich 48,2%ga — $224,8 mlngacha pasaydi, elektromobilning o‘rtacha narxi esa deyarli uch barobar — 9,33 ming dollargacha arzonlashdi.