2024-yilda Markaziy bank firibgarlar tomonidan o‘zlashtirilgan 10 mlrd so‘mga yaqin mablag‘larni blokladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Bank kartalari bilan bog‘liq shubhali “frod” amaliyotlari esa axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda sodir etiladigan firibgarlik harakatlarini anglatadi. Ya’ni “frod” amaliyotlari bank xizmatlari iste’molchilariga nisbatan amalga oshiriladi.

O‘tgan yil davomida Markaziy bankka huquqni muhofaza qiluvchi organlardan bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari bo‘yicha bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni sanksiya asosida olish maqsadida 2 502ta murojaat kelib tushdi. Shuningdek, firibgarlik holatlari (frod) yuzasidan ham jami 460ta murojaat qabul qilingan.

Tezkor chora-tadbirlar natijasida Markaziy bank ko‘rsatmalari bilan noqonuniy o‘zlashtirilgan pullar tushgan bank kartalaridagi 9,5 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar bloklandi.

Regulyator raqamli texnologiyalar yordamida amalga oshiriladigan firibgarlikning bir nechta usullari haqida ham ma’lumot berdi. Xususan, firibgarlar SIP-texnologiyalari yordamida soxtalashtirilgan telefon raqamlaridan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank, to‘lov tashkiloti, Markaziy bank yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirishmoqda.

Bunda firibgarlar fuqaroning ishonchiga kirish uchun uning ism-sharifi, ish joyi, bank karta raqamlarini ham aytishi mumkin. Bu ma’lumotlar esa fuqaroning ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi sahifalari hamda guruhlari yoki uning mobil qurilmasiga zararli ilovalarni o‘rnatish orqali to‘planadi.

Firibgarlar fuqaroning bank kartasidagi pullari “xavf ostida” ekanligini yoki uning nomiga begonalar kredit rasmiylashtirmoqchi ekanligini aytib, o‘zining “beminnat yordamini” taklif qiladi. Fuqaroga muammoni tahlil qilishga yoki holatni yaqinlari bilan maslahatlashib olishiga vaqt bermaydi.

Undan keyin firibgarning sherigi messenjer orqali fuqaroga o‘zini “Markaziy bankning xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi” sifatida tanishtirib, uni ishontirish uchun Markaziy bank ramziy belgilari tushirilgan soxta guvohnoma va hujjatlar rasmini yuboradi hamda ko‘rsatmalar bera boshlaydi, ayrim hollarda tahdid qilishga o‘tadi.

Bank kartalari bilan bog‘liq bu kabi firibgarliklarning oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan bir qancha antifrod choralari ko‘rilmoqda. Masalan, telefon qo‘ng‘irog‘ yoki videoqo‘ng‘iroq davomida bank mobil ilovalaridan foydalanish cheklanadi.

Mobil ilovalardan faqat O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tish va boshqa qurilmadan kirish mumkin. Shu bilan birga, bank va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarida yangi ro‘yxatdan o‘tganda, ilovaga biriktirilgan kartalardan foydalanish bir soatga cheklanadi.

Bundan oldin Markaziy bank 285 mlrd so‘m miqdoridagi onlayn kreditlarni firibgarlardan qaytarib qolgani ma’lum qilingandi. 1-noyabrdan joriy etilgan vaqtinchalik tartib doirasida jami 12 ta moliya instituti tomonidan fuqarolarga onlayn kredit ajratiladi. Yana 9ta bank mobil ilovasi orqali bu xizmatni ko‘rsatish vatqincha to‘xtatilgan.

Avvalroq regulyator telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berilganda kartadan pul yechilmasligini, faqat login, parol va bir martalik kodni begona shaxslarga berish yoki zararli APK-fayllarni o‘rnatish holatlaridagina pul yechib olinishi mumkinligini bildirgandi.