Avvalroq “Spot” 20-yanvar kuni Toshkent hokimligi noqonuniy qurilmalarning buzilishi haqida yana bir bor ogohlantirgani haqida xabar bergandi. Aholiga yo‘l yoqasidagi obyektlarni xarid qilishda ularning kadastr holatini tekshirish tavsiya etildi.

Dam olish kunlari Yakkasaroy tumani hokimligi poytaxtning markaziy ko‘chalarida o‘nlab noqonuniy inshootlar buzib tashlangani haqida ma’lum qildi. Xususan, tadbirkorlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar piyodalar harakatiga xalaqit berayotgani ta’kidlandi.

Tekshiruv paytida tuman hokimi Nilufar Allabergenova mas’ul xodimlarga noqonuniy qurilmalarni buzish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yakkasaroy hokimligining e’lon qilingan xabarlariga ko‘ra, yozgi terrasalar, reklama inshootlari va boshqa obyektlar buzib tashlandi. Jumladan, videolardan birida Shota Rustaveli ko‘chasidagi “ChayKof” qahvaxonasiga qurilgan qo‘shimcha inshootni buzish jarayoni aks ettirilgan.

24-yanvar kuni Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi noqonuniy qurilishlar va reklama konstruksiyalari demontaj qilingani haqida ma’lum qildi. Poytaxt hokimligi o‘z Telegram-kanalida e’lon qilgan qisqa videolavhada “Centrum Air Sales” lavhasi tushirilgan bino oldidagi to‘siq, “Oqtepa Lavash” va “Bellissimo Pizza” reklama lavhalari hamda bir nechta inshootlar buzilishi haqida so‘z boradi.

“Mirzo Ulug‘bek tumanida reklama bannerlarini demontaj qilish bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda. Ushbu reyd tadbirlari poytaxtning tashqi qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda xavfsizlikni oshirish va reklama sohasidagi qonunchilik normalariga rioya qilishga qaratilgan,” — deyiladi tuman hokimligi xabarida.

Shuningdek, “Giotto” tarmog‘i asoschisi Kemal Kaya “Spot"ga 23-yanvar kuni Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan tarmoq muassasasi filialiga mahalliy hokimiyat xodimlari reklama konstruksiyalarini o‘rnatishning qonuniyligini tekshirish uchun kelganini ma’lum qildi.

Ertasi kuni tadbirkor reklama joyining pasportini rasmiylashtirib, 337,5 ming so‘m boj to‘lagan. “Spot” ixtiyorida reklama joyining pasporti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan invoys bor. Shunga qaramay, 24-yanvar kuni tuman hokimligi “Giotto” reklama plakatini demontaj qildi va yozgi ayvon buzilishi ehtimoli haqida ogohlantirdi. Kemal Kaya ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.

buzish, giotto, snos, toshkent

Chilonzor tumanida ham shaharsozlik me’yorlariga mos tushmaydigan, tegishli tashkilotlarning rasmiy ruxsatisiz, o‘zboshimchalik bilan qurib olingan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish va tartibga keltirish jarayonlari davom ettirilmoqda.

24−25-yanvar kunlari Kichik halqa aylanma yo‘li ko‘chasini tartibga keltirish jarayonida tadbirkorlar tomonidan o’zboshimchalik bilan yo‘lning qatnov qismi va piyodalar yo‘lakchasiga tutash hududda o‘rnatilgan noqoniniy tashqi reklama vositalari hamda reklama bayroqlari bartaraf etilgan.

Qayd etilishicha, tuman hokimining o‘rinbosari Kamol Hamrayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari “Botirma” mahallasida ayni yo‘nalishda o‘rganishlar o‘tkazgan va ushbu hududda joylashgan noqonuniy deb topilgan qurilmalar bartaraf etilgan.

Hokimlik “Yakkabog‘” va “2-Qatortol” mahallalarida ayni yo‘nalishda o‘rganishlar o‘tkazilgani va ushbu hududlarda joylashgan noqonuniy deb topilgan qurilmalarni bartaraf etish ishlarini olib borilganini ma’lum qildi.

“Barcha tadbirkorlik qilish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishni rejalashtirayotgan fuqarolarga qurilmalar yoki qo‘shimcha qurilmalar qurishni boshlashdan oldin tegishli tashkilotlarning qonuniy va rasmiy ruxsatnomalarini olishlari, og‘zaki ko‘rsatmalar asosida ish boshlamasliklari kerakligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi hokimlik xabarida.

Noqonuniy qurilishlarni buzish

2024-yilning fevral oyida Toshkent shahar hokimligi poytaxtda noqonuniy qurilma va inshootlarni demontaj qilish ishlari boshlanganini xabar berdi.

Poytaxt hokimligi maishiy va tijorat binolariga ega bo‘lgan fuqarolarni hujjatlarning shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini sinchiklab tekshirishga chaqirildi.

Undan keyin, MIB poytaxtning Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan “Giotto” yozgi “terrasa"sini buzishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoq asoschisi Kemal Kaya noqonuniy binolarni demontaj qilish jarayonida shaffoflik mavjud emasligini ta’kidladi.

Aprel oyida Mirobod ko‘chasida bir nechta inshootlar — birinchi navbatda, umumiy ovqatlanish muassasalariga qo‘shimcha inshootlar demontaj qilindi. Bundan tashqari, may oyida Olmazor tumanidagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshoot tugatildi.

Bundan tashqari, noyabr oyida Toshkentda qoidabuzarliklar bilan o‘rnatilgan tashqi reklamaga qarshi reydlar boshlandi. Birinchi kunning o‘zida barcha tumanlarda 1600dan ortiq obyekt demontaj qilindi. Ertasi kuni poytaxt tumanlarining kamida yarmida noqonuniy reklama konstruksiyalari tugatilgani haqida xabar berildi. Birgina Mirobod tumanida 100dan ortiq banner va qalqonlar demontaj qilindi.

Toshkent hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi “tartibsiz va yorqin reklama” tanqidini qayd etdi. Reklama konstruksiyalari egalari “shaharda bo‘lishni noqulaylashtiradigan” “vizual tartibsizlik” va “axborot shovqini” yaratishda ayblangan.

Dizayn-kod Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan ishlab chiqilgan va 25-oktabr kuni shahar kengashi tomonidan tasdiqlangan. U madaniy meros obyektlarida, binolarning derazalari va eshiklari oldida, yo‘lkalarda, yoritish moslamalarida reklama konstruksiyalarini o‘rnatishni, shuningdek, ovozli va proyeksion reklamani taqiqlaydi.

Biznes-ombudsman reklama konstruksiyalarining demontaj qilinishiga ham izoh berdi. Qayd etilishicha, noqonuniy o‘rnatilgan reklama obyektlari belgilangan tartibda ularning egalari hisobidan demontaj qilinishi kerak.