Joriy yilning 1-fevralidan Qoraqalpog‘istonning Qozog‘iston bilan chegara qismida joylashgan chegara o‘tkazish punkti vaqtinchalik yopiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qozog‘istonning “Tajen” hamda O‘zbekistonning “Dovud ota” chegara postlari orqali fuqarolar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati 3 oyga to‘xtatiladi. To‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari esa uzluksiz harakatlanishlari mumkin.

Mazkur cheklovlar chegara o‘tkazish punktlarida ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Qozog‘iston tomonidan jismoniy shaxslar va transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘rnatilmoqda.

Qo‘mita bu vaqt ichida “Tajen” — “Dovut ota” chegara o‘tkazish punktlari orqali harakati cheklangan shaxslar va transport vositalari “Yallama”, “Zangiota (Navoiy chegara bojxona posti)”, “Oq oltin” va “Malik” o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlarini so‘ramoqda.

Shuningdek, jismoniy shaxslar uchun “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l o‘tkazish punkti orqali yo‘lovchi poyezdlari harakatlanadi.

2024-yilning kuzida “Dovut ota” chegara postida yangi bojxona terminali ochildi. Uning maydoni 6 gektarni tashkil etib, uning ishga tushirilishi natijasida 350 tagacha yuk avtomobilini joylashtirish mumkin bo‘ladi.

Dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida 2025-yilda “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy”, “Dovut-ota”, “Shovot” va “Gulbahor” chegara postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshirilishi ma’lum qilindi.

Yanvar oyida prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytirilishini, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etilishini qayd etdi.