Avvalroq kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.
Ushbu tizim 1-fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi, 1-maydan esa barcha hududlarda joriy qilinadi.
Tizim doirasida ishsiz aholi davlat va nodavlat o‘quv markazlarida vaucher asosida bepul o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Bunda kambag‘al oilalar a’zolariga ustuvorlik beriladi.
O‘qish to‘lovlari yosh chegarasi va o‘qish davomiyligidan qat’i nazar, to‘liq qoplab beriladi. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan to‘lovning dastlabki 50%i o‘qish boshlanganida, qolgan yarmi esa o‘qish tugagach — fuqaro sertifikat olganidan so‘ng, o‘quv markaziga yo‘naltiriladi.
Vaucherni olish uchun fuqaro tuman yoki shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga murojaat qilishi kerak. Fuqaro telefoniga havola yuboriladi, u orqali vaucherni yuklab olish va uni o‘quv markaziga olib borish mumkin bo‘ladi.
Hisob-kitob ishlari o‘quv markazi va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi o‘rtasida amalga oshiriladi. Vaucher qaysi viloyatdan olingan bo‘lsa, o‘sha hududdagi o‘quv markazlari uchun amal qiladi.
Vaucher asosida quyidagi 35 ta til va kasblarga bepul o‘qitiladi:
- Kompyuter grafikasi mutaxassisi;
- Kompyuter texnikasi montajchisi;
- Interer dizayner;
- Marketing bo‘yicha mutaxassis;
- Merchendayzer (reklama qiluvchi);
- Kontent-menejer;
- AutoCad dasturi;
- Logistika markazlari texnik-operatori;
- Call-center operatori;
- Videomontaj;
- Buxgalteriya (o‘rta malakali);
- Kadrlar va maxsus ishlar bo‘yicha inspektor;
- Ayollar sartaroshi;
- Erkaklar sartaroshi;
- Fotograf;
- Kinooperator;
- Gid-sayohatchi;
- Surdotarjimon;
- Ofitsiant;
- Karving san’ati ustasi;
- Zargar (modeler);
- Vizajist (stilist-kosmetolog);
- Massajchi;
- Navbatchi mexanik;
- Kran mashinisti;
- Konditsiyalash va shamollatish sistemasini ta’mirlash va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha chilangar;
- Qozonxona ishchisi;
- Maishiy texnikalar chilangar-yig‘uvchisi;
- Payvandlovchi (3-MT bo‘yicha barcha turdagilar);
- Chilangar-santexnik;
- Tokar;
- Elektromontyor;
- Betonchi;
- Avtomobillarni ta’mirlovchi chilangar;
- Nemis tili.
Bunda ayrim kasblarga ish beruvchi tomonidan buyurtma berilganida o‘qitiladi. Bundan tashqari, nodavlat o‘quv markazlari vaucher tizimida o‘qitish uchun havola orqali ariza jo‘natishlari mumkin.