24-yanvar kuni Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi hamda o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiradi.
Oliygohda muhandislik, qurilish, logistika, IT va dasturlash, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohalar bo‘yicha xalqaro standartlar asosida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi.
O‘quv dasturlarini xorijiy, shu jumladan, Turkiya oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda hamda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida joriy etish va ilmiy-tadqiqotlar olib borish belgilanmoqda.
2025/2026 o‘quv yilidan universitetda ta’lim jarayoni xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida Top-1000 ga kirgan, o‘z yo‘nalishida yetakchi hisoblangan Turkiya OTMlarining o‘quv dasturlari asosida tashkil etiladi.
Universitetda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida yo‘lga qo‘yiladi hamda qabul parametrlari va kontrakt miqdorini universitet belgilaydi. OTM faoliyatini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqaruv kengashi tashkil etiladi.
2024-yilning oktabr oyida Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochildi. Joriy o‘quv yilida oliygohda xalqaro savdo va dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichi o‘qitiladi.
Joriy yilning 22-yanvar kuni prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda mamlakatning to‘rtta hududida texnika universitetlari tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Bular qatorida Nukus, Farg‘ona va Namangan bilan Buxoro ham bor.
Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8ta muhandislik maktabi ochildi. 35 ta muassasani yiriklashtirish orqali 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi, 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.