Rossiyaning qurilish kompaniyalari O‘zbekistondan 830 nafar ishchini ishga jalb qilmoqchi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi.
O‘zbekiston Bosh konsulxona xodimlari Rossiya qurilish kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda fuqarolarni mamlakatdagi ishlarga jalb qilish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Xususan, Sverdlovsk viloyati Verxniy Tagil shahrida joylashgan “Kurate” kompaniyasi rahbari Aleksandr Vlaskin bilan muloqotda O‘zbekistondan qonuniy asosda ishchilarni yollash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Aleksandr Vlaskin korxonada 200 nafarga yaqin ishchi kuchini jalb qilishga ehtiyoji mavjudligini qayd etdi. Mazkur bo‘sh ish o‘rinlariga fuqarolarni jalb qilish uchun tegishli idoralar bilan muzokara o‘tkazishga kelishildi.
“SMU-30” kompaniyasi vakillari 180 nafar bo‘sh ish o‘rinlari borligini ma’lum qildi. Korxona O‘zbekiston fuqarolari o‘z ishlarining ustasi ekanligini va topshirilgan ishni vijdonan bajarishlarini inobatga olib, mamlakatdan ishchi kuchini jalb qilishdan manfaatdorligini tasdiqladi.
Shuningdek, diplomatlar Tyumen viloyatidagi “Gradient” qurilish tashkiloti mutasaddilari bilan muzokara o‘tkazdilar. Unda korxonaga jami 300 nafar mutaxassis, shu jumladan, monolitchi, g‘isht teruvchi hamda pardozchiga ehtiyoj borligi bildirildi. Muzokaralar yakunida ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Sverdlovsk viloyatidagi yana bir qurilish kompaniyasi, “Optimum” vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekistondan 150 nafarga yaqin ishchini jalb qilish imkoniyati mavjudligi ma’lum qilindi.
Avvalroq Buyuk Britaniya o‘zbekistonliklar uchun mavsumiy ishlarga kvotalar sonini oshirishi haqida xabar berilgandi. Migratsiya agentligi mamlakatning rekruting operatorlari bilan nomzodlarni topish va imtihonlarni shaffof tashkil etishga kelishib oldi.