27-yanvardan Toshkent viloyatining Toshkent tumanida Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan “Navoiy” bojxona posti rekonstruksiyadan keyin ochildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sinov rejimida ish boshlagan “Navoiy” chegara bojxona posti (“Zangiota” chegara o‘tkazish punkti) sinov rejimida ish boshladi. Bu yerda fuqarolar uchun yangi zal, avtobus va yengil avtotransport vositalari hamda ularda harakatlanayotgan yo‘lovchilar uchun alohida yo‘laklar tashkil etildi.
Postga tutash hududda bir vaqtda 500 dan ortiq yengil avtomobillarni hamda 100 dan ortiq avtobuslarni qabul qilish imkoniyatiga ega avtoturargoh qurildi. Unda xalqaro yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus va avtomobillar, mahalliy yo‘nalishdagi jamoat transportlari va taksi xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Avtoturargohda transport vositalari uchun kutish joylari, fuqarolar uchun fastfud-tamaddixonalar, kafe va boshqa maishiy va ijtimoiy xizmatlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, bojxona posti hududida xalqaro yo‘nalishdagi avtotransport vositalari uchun shaffof elektron navbat tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Ikki davlat chegarasida joylashgan “Kaplanbek — Navoiy” bojxona postlari ta’mirlash va texnik jihozlash ishlari sabab, 2022-yilning kuzida yopilgandi. Jarayon 2024-yilning yoz oyi oxirigacha yakunlanishi belgilangandi. Natijada nazorat-o‘tkazish punktining sig‘imi uch barobarga ortishi kutilmoqda.
Avvalroq qo‘mita fevraldan boshlab Qozog‘iston bilan chegaradagi “Dovud ota” posti uch oyga yopilishini ma’lum qilgandi. Cheklovlar chegara o‘tkazish punktlarida ta’mirlash ishlari olib borilishi sabab o‘rnatilmoqda hamda faqat yuk avtomobillari harakatlanishi mumkin.
Fuqarolar va transport vositalaridan “Yallama”, “Zangiota (Navoiy chegara bojxona posti)”, “Oq oltin” va “Malik” o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlarini so‘ralmoqda.