O‘zbekiston Xayraton-Mozori-Sharif temir yo‘liga xizmat ko‘rsatishni davom etadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
21−23-yanvar kunlari Toshkentda Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Afg‘oniston Jamoat ishlar vazirining temir yo‘l masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.I. Sohibzoda boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Unda afg‘on tomoni bilan transafg‘on temir yo‘l qurilish loyihasini amalga oshirishni tezlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Ikki davlat temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Xayraton-Mozori-Sharif temir yo‘lidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomani uzaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bunda “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning shuba korxonasi — “Sogdiana trans” Xayraton-Mozori-Sharif temir yo‘liga xizmat ko‘rsatuvchi operator sifatida saqlanib qoladi.
Tarmoq 2010-yilda qurilgan va ekspluatatsiya boshlanganidan beri “Sogdiana trans” tomonidan boshqariladi. 2024-yilning fevral oyidan avgust oyigacha uzunligi 75 km bo‘lgan liniya hamda Naibobod bekati rekonstruksiya qilindi.
Bungacha Afg‘oniston Temir yo‘llar boshqarmasi liniyani rekonstruksiya qilish bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” bilan shartnomani yarim yilga uzaytirgani ma’lum bo‘ldi. Afg‘on tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bu 6 oy davom etishi kerak bo‘lgan qolgan ishlarni muvaffaqiyatli yakunlash uchun qilingan.
Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston va Afg‘oniston Pokiston bilan birgalikda Transafg‘on temir yo‘li loyihasi ustida ishlamoqda. Uch mamlakatni bog‘laydigan magistral qurish g‘oyasi 2018-yilda ilgari surilgandi. 2023-yilning noyabrida taqdim etilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha qiymati $7 mlrdga baholandi.