AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati “TikTok"ni “qutqarish” rejasi ustida ishlamoqda, unga ko‘ra ijtimoiy tarmoq ustidan nazorat “Oracle"ga o‘tadi, deya xabar berdi “NPR” va “Reuters” manbalarga tayanib.

“Reuters” Trampning bayonotiga ko‘ra, u ijtimoiy tarmoqni sotish masalasini “bir necha kishi” bilan muhokama qilayotgani va bir oy ichida qaror qabul qilishi haqida xabar bermoqda. Shu bilan birga, Tramp “Oracle” kompaniyasi bilan muloqot olib borayotganini tasdiqlamadi.

Nashrlar tomonidan qayd etilgan rejaga ko‘ra, “ByteDance” kompaniyadagi minoritar ulushini saqlab qoladi, ilova algoritmlari, ma’lumotlarni to‘plash va dasturiy ta’minotni yangilash esa “Oracle” nazorati ostida bo‘ladi.

Shu tariqa, amerikalik investorlar “TikTok” ustidan nazoratga ega bo‘ladilar. Biroq, “NPR” nashrining ta’kidlashicha, bitim shartlari hali muhokama qilinmoqda.

TikTokning bloklanishi

AQSh prezidenti Jo Bayden 24-aprel kuni “TikTok"ni blokirovka qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.

Tegishli qonun loyihasi 13-mart kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan. Kongressmenlarning fikricha, xitoylik kompaniya tomonidan amerikalik foydalanuvchi ma’lumotlarining to‘planishi milliy xavfsizlikka tahdid soladi.

19-yanvardan boshlab amerikalik foydalanuvchilar uchun “TikTok"ni bloklash boshlandi. U AQSh yoki unga yaqin yurisdiksiyadagi xaridorga sotilgunga qadar davom etishi kerak edi.

19-yanvarga o‘tar kechasi “TikTok” AQShda o‘z faoliyatini to‘xtatdi va amerikalik foydalanuvchilar uchun ilovaga kirishni, jumladan VPN orqali ham foydalanishni o‘chirdi. Biroq bir necha soatdan so‘ng platforma yana ishlay boshladi va kirish paytida “Prezident Trampning sa’y-harakatlari tufayli „TikTok“ AQShda yana faoliyat yuritmoqda!” degan xabar ko‘rsatildi.

20 yanvar kuni AQShning 47-prezidenti bo‘lgan Donald Tramp “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ini bloklashni kechiktirish to‘g‘risida farmon chiqardi. Bu haqda “CNN Business” nashri xabar bermoqda.

Farmonda Adliya vazirligiga “Do‘stlashmagan chet elliklar tomonidan nazorat qilinadigan ilovalar to‘g‘risida"gi Qonunning ijrosini 75 kunga kechiktirish vazifasi yuklatilgan.

Qayd etilishicha, qaror “millionlab amerikaliklar foydalanadigan platformani keskin o‘chirishning oldini olish” zarurligi bilan izohlanadi.