Diplomlari O‘zbekistonda to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadigan Top-1000 talikka kirgan OTMlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur ro‘yxat 2025-yil uchun tasdiqlangan xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar, jumladan, “Quacquarelli Symonds World University Rankings”, “Times Nigher Education”, “Academic Ranking of World Universitiyes” reytingi asosida ishlab chiqilgan.
Mazkur reytinglardagi oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy OTMlar ro‘yxat kiritilgan. Bu ro‘yxat 2025-yil uchun e’lon qilingan va har yili yangilanib boradi.
Bunda Top-1000 oliygohlarni tamomlagan talabalarning diplomlari O‘zbekistonda imtihon sinovlarisiz tan olinadi (nostrifikatsiya qilinadi).
O‘zbekistonda quyidagi hujjatlar sinovlarsiz tan olinadi:
- xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish ta’limi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi;
- O‘zbekistonda alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- Top-1000 ga kirgan xorijiy OTMda ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
- xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- xalqaro shartnomalar, prezident va hukumat qarorlarida nazarda tutilgan hollarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar.
Xorijiy davlatda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali amalga oshiriladi. Yagona portal orqali ariza jo‘natish bepul bo‘lib, buning uchun ro‘yxatdan o‘tish va so‘rov yuborish kerak.
Avvalroq Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Unda muhandislik, ishlab chiqarish, “yashil” energetika, qurilish, transport va logistika, IT va dasturlash kabi sohalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.