Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni haqida qisqacha ma’lumot berdi. Bu haqda u o‘zining “Telegram"-kanalida ma’lum qildi.

Mirziyoyeva 2024-yilda mamlakat ushbu yo‘nalishda “katta qadam tashlagani"ni, bu Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan “qat'iy iqtisodiy islohotlar natijasida” amalga oshganini ta’kidladi.

JST Ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan ikkita muhim yig‘ilish a’zolikning asosiy hujjati — Ishchi guruh Hisoboti loyihasini tayyorlashga kirishishga imkon berdi. Shuningdek, AQSh, Xitoy va Yaponiya kabi 15 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakuni natijasida bitim imzolangan davlatlar soni 23 taga yetdi.

Bundan tashqari, prezident yordamchisi qisqa vaqt ichida biznesni va raqobatni yanada shaffof qilish uchun 20 ta muhim qonun qabul qilinganini qayd etdi.

“Tez orada tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun joriy yilda ham biz shu sur’atda davom etamiz. Bu mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirishi hamda o‘zbek biznesining mintaqaviy va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kirib borishini ta’minlashi lozim”, — deya yozadi u.

Saida Mirziyoyeva JSTga a’zolik va davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yakuniy maqsadi xalq farovonligini ta’minlash, munosib ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiyot boshqaruvini samaraliroq tizimga o‘tkazishga qaratilganini ta’kidladi.

Yanvar oyi o‘rtalarida prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov “LinkedIn"dagi sahifasida 23-mamlakat bilan tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini ma’lum qilgandi.

Shu bilan birga, maxsus vakil muzokaralar “emotsional” bo‘lganini qayd etdi. “Spot"ga bergan izohida Urunov muzokaralar davomida bir nechta bahsli masalalar ko‘tarilganini ta’kidlab, yangi mamlakat nomiga aniqlik kiritmadi.

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.

Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tashkilotga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26-noyabr kuni o‘tkazilgan majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov eksportyorlarga beriladigan ba’zi soliq imtiyozlarining bekor qilinishiga izoh berib, bu Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bilan bog‘liqligini qayd etdi.