Avvalroq “Asaka Motors” zavodida Wuling N111 avtomobili ishlab chiqarila boshlangani haqida xabar berilgandi.
23-yanvardan ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan mazkur miniven Xitoyda 2012-yildan beri Wuling Sunshine nomi ostida “SAIC-GM-Wuling” konsorsiumi tomonidan ishlab chiqariladi.
Kompaniya matbuot xizmatining “Spot"ga aniqlik kiritishicha, Wuling N111 avtomobilning narxi 126 mln so‘mni tashkil etadi.
Biroq, avtomobil ishlab chiqaruvchisi uning hajmiga aniqlik kiritgani yo‘q. Hozirda Wuling N111 miniveniga oldindan buyurtma berish uchun so‘rov yuborish mumkin.
“Asaka Motors International” bosh direktori Avazbek Jalilov mazkur modelga qiziqish mavjudligini qayd etdi. U avtomobilning O‘zbekiston va xorij bozorida kengayishiga ishonch bildirmoqda.
Yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan mazkur avtomobil 82 ot kuchiga ega bo‘lgan 1,2 litrli injektor atmosferali dvigatel bilan jihozlangan. O‘rtacha yonilg‘i sarfi 100 km uchun 6,3 litrni tashkil etadi, yonilg‘i baki hajmi esa 38 litrga teng.
Avtomobilning uzunligi 3,8 metrni, kengligi 1,5 metrni, balandligi esa 1,8 metrni tashkil etuvchi avtomobil 7 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladi. Shuningdek, standart to‘plam konditsioner, antiblokirovka tizimi (ABS) va boshqa xavfsizlik elementlarini o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, kompaniya joriy yilning fevral oyi oxirigacha mamlakatning 4 ta hududida avtosalon ochishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, avtomobillar qatoriga krossover va sedanlarni qo‘shish orqali modellar qatorini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
O‘tgan yilning yozida “Asaka Motors” zavodi Hyundai avtomobillarini ishlab chiqarishni boshladi. O‘shanda Koreya brendining oltita modeli — Elantra va Sonata sedanlari, Palisade, Santa Fe va Tucson krossoverlari hamda Staria minivenlari ishlab chiqarilgan.
Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 0,82% ga oshib, 424,8 ming donadan ortiqni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.