O‘zbekistonda kriptoaktivlar sohasida xizmat ko‘rsatuvchi “Coinpay” va “Binance” qo‘shma platformasi ish boshladi. Bu haqda “Coinpay” mahalliy kriptobirjasining matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ko‘magida va O‘zbekiston qonunchiligiga to‘liq muvofiq amalga oshirildi. ILMA 2025-yil yanvar oyi o‘rtalarida kripto-birjalar o‘rtasidagi hamkorlikni e’lon qildi. Platforma O‘zbekiston huquqiy tizimiga rasman integratsiya qilingan birinchi shunday xizmat bo‘ldi.
Yangi xizmat foydalanuvchilarga bank kartalari va mahalliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutadagi mablag‘larni to‘ldirish va yechib olish imkonini beradi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar keng ko‘lamli “Binance” xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Coinpay” kripto-aktivlar bilan operatsiyalar faqat saytdagi rasmiy havola orqali amalga oshirilishi kerakligini eslatib o‘tdi. Tashqi p2p platformalari yoki boshqa xizmatlardan foydalanish qonunchilikni buzish hisoblanadi va yuridik javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Kompaniya, shuningdek, kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar ularning o‘zgaruvchanligi tufayli yuqori xatarlar bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Foydalanuvchilarga savdolarni boshlashdan oldin raqamli aktivlar bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish va ehtimoliy moliyaviy xatarlarni hisobga olish tavsiya etiladi.
“Binance"ning O‘zbekistondagi faoliyati
2022-yilning avgust oyida “Binance” va boshqa xalqaro birjalar veb-saytlari O‘zbekistonda bloklandi. Bunga ularning tegishli litsenziyaga ega emasligi, platformalar hech qanday yuridik javobgarlikni o‘z zimmalariga olmasligi, tranzaksiyalarning qonuniyligi, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari to‘g‘ri saqlanishi va maxfiylik kafolatlanmaganligi sabab bo‘ldi.
O‘sha yil oxirigia borib, kripto-birja O‘zbekistonda bosh menejer uchun vakansiya ochgani ma’lum bo‘ldi. Bu rolda menejer yangi bozor uchun strategiyalar, harakat rejalari va biznes modelini ishlab chiqishi belgilangan.
2024-yil boshida O‘zbekistonda faoliyatini tashkil etish uchun tegishli litsenziya olmagani va yana bir qator qonun buzilish holatlari sabab, ILMA “Binance"ni 102 mln so‘m jarima tortdi.
Fevral oyida agentlik direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pak jarima to‘lamaganligi uchun kripto-birja sudga berilishini ma’lum qildi. Shuningdek, agentlik p2p tranzaksiyalarini nazorat qilishning samarali mexanizmi yo‘qligi sababli uni qonuniylashtirishni rejalashtirmaganini aytdi u.
Agentlikning ma’lum qilishicha, bu bo‘yicha tegishli da’vo arizasi Toshkent shahar iqtisodiyot sudiga yuborilgan. O‘tgan yilning 26-martidan 7-iyunigacha “Binance” vakili ishtirokida davom etgan sud jarayonlari yakunlanib, jarima undirish haqida qaror qabul qilgan. ILMA kripto-birja sud talablarini bajarib, jarimani to‘liq to‘laganini bildirdi.