200ta britaniyalik kompaniya o‘z xodimlarining ish haqini yo‘qotmasdan doimiy to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tdi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu Buyuk Britaniyadagi ish haftasini qayta ko‘rib chiqish kampaniyasining so‘nggi qadami bo‘ldi.
“4 Day Week Foundation"ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyalarda jami 5000dan ortiq kishi ishlaydi, ular orasida xayriya tashkilotlari, marketing va texnologiya firmalari keng tarqalgan.
To‘rt kunlik ish haftasi tarafdorlari besh kunlik modelni oldingi iqtisodiy davrdan qolgan, eskirgan deb hisoblashadi, dedi “4 Day Week Foundation” direktori Jo Rayl.
Jo Raylning qayd etishicha, ertalab 9dan kechki 5gacha davom etadigan besh kunlik ish haftasi 100 yil oldin joriy qilingan va endi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Uni allaqachon yangilash vaqti keldi.
“To‘rt kunlik ish haftasi odamlarga 50% ko‘proq bo‘sh vaqt berib, baxtliroq va to‘laqonli hayot kechirish imkoniyatini yaratadi”, — dedi u.
Yuzlab Britaniya kompaniyalari va bir mahalliy kengash tajribasi ko‘rsatganidek, ish haqi kamaytirilmagan holda to‘rt kunlik ish haftasi ham xodimlar, ham ish beruvchilar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Marketing, reklama va matbuot firmalari bu harakatga boshchilik qildi, ulardan 30tasi mazkur siyosatni qabul qildi.
Ularning izidan xayriya, nodavlat notijorat tashkilotlari va ijtimoiy ta’minot sohasidagi 29ta, shuningdek, texnologiya, axborot texnologiyalari va dasturiy ta’minot sohasidagi 24 ta tashkilot ergashdi.
Biznes, konsalting va boshqaruv sohasidagi yana 22ta kompaniya ham xodimlarga doimiy ravishda to‘rt kunlik ish haftasini taklif etib kelmoqda.
Jami 200ta kompaniya ish haftasini qisqartirishga sodiqligini tasdiqladi. Tarafdorlarning ta’kidlashicha, bu xodimlarni jalb qilish va ushlab qolishning, shuningdek, kamroq vaqt ichida bir xil natija yaratish orqali samaradorlikni oshirishning foydali usulidir. Hozirgi kunda eng katta g‘ayratni London kompaniyalari ko‘rsatmoqda, ular umumiy sonning 59tasini tashkil etadi.
Avvalroq “Spot” Ispaniya rasman to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tayotgani haqida yozgandi.
Haftalik ish soati 40 soatdan 37,5 soatgacha qisqaradi. Belgilangan vaqtdan ortiqcha ishlaganlik qo‘shimcha ish soatlari hisoblanib, qo‘shimcha haq to‘lanadi.