“Coca-Cola Europacific Partners Belgium” xloratlar miqdori yuqoriligi sababli Belgiya, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Fransiya va Germaniya bozorlaridan mahsulotlarni ommaviy ravishda qaytarib olishni boshladi, deya xabar berdi Barrons" nashri.
2024-yil noyabr oyining oxiridan boshlab muomalaga kiritilgan banka va shishalardagi “Coca-Cola”, “Sprite”, “Fanta”, “Fuze Tea”, Minute Maid, Nalu, Royal Bliss va Tropico kabi brendlar chaqirib olindi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, muammo Gentdagi (Belgiya) zavodda mahsulot sifatini tekshirish jarayonida aniqlangan.
Standartlarga mos kelmaydigan ichimliklarning aksariyati allaqachon muomaladan chiqarilgan yoki bozorga kiritilmagan, qolgan partiyalar esa tegishli mamlakatlar rasmiylari bilan birgalikda olib qo‘yiladi.
Mutaxassislar xloratlar miqdorining oshishi buyraklar va qalqonsimon bez faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, chaqirib olinadigan mahsulotlarning aniq miqdori aniqlashtirilmagan, ammo masshtablar sezilarli deb ataladi.
Avvalroq “Spot” “Coca-Cola” kompaniyasi Rossiya bozoriga qaytishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya aprelda Rospatentga “Coca-Cola”, “Sprite” va “Fanta” savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizalar topshirgan.