Uchta hududda qariyb 802 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Yuqorichirchiq tumani, Olmaliq shahri bo‘limlari va IIBB xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Unda fuqarolar Yu.I. va A.Sh. yashash xonadonlarida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida jami 404,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Shu kabi, Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, fuqaro X.P. va boshqalar o‘zaro til biriktirib “Buyuk Turon” MFY hududidagi noturar binoda tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgan.
Buning natijasida 206,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruvda fuqaro K.X. “Mexrjon” MFY hududidagi novvoyxonada tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida 190,5 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.