Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat dasturi loyihasi bir oy davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, u bilan 11 mln fuqaro tanishdi, 100 dan ziyod takliflar tanlab olindi. Undagi eng katta yo‘nalishlardan biri energetika hisoblanadi.
Oxirgi uch yilda 3,5 GVtli 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, 35 ta kichik GES qurildi. Mamlakatning jami quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 16% ga yetdi. Bu yil uni 26% ga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 GVtli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyasi, 160 MVtli 5 ta yirik GES va 1,8 GVtli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.
Davlat rahbari bunga qo‘shimcha yana 1 GVt quvvatli loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom ettirish uchun 2 trln so‘m kredit ajratiladi.
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bog‘cha, maktab va shifoxonalarda issiqlik nasosini joriy qilish ommalashtiriladi.
Bu yil kamida 6% iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qolib, YIMni $125 mlrddan oshirish maqsad qilingan. Buning uchun bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15−20% gacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Davlat rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi. Masalan, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida 1 tonna energiya sarfiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat kimyo, qurilish materiallari, to‘qimachilik tarmog‘idagidan 15−20 barobar yuqori.
Yuqoridagi sohalarda ham resurslarni tejash, kam energiya sarflab, ko‘p qo‘shilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Energiya iste’moli yuqori bo‘lgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan o‘tkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi.
Bu yil ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarining 15%i, 2027-yildan 30%i, 2030-yildan 55%i “yashil” bo‘ladi. Kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun YTTB, Jahon banki va boshqa tashkilotlardan $300 mln resurs jalb qilinadi.
Energetika majmualarini barpo etishda $4 mlrd uskuna va butlovchi qismlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladi. Bu orqali yirik loyihalarda “yashil komponent” ulushi 25% dan 31% ga yetadi.
“Yashil makon” dasturi doirasida har yili 200 mln tup daraxt ekilmoqda. O‘tgan 3 yilda 698 ta bog‘ va 316 ta jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 mln gektarli butazor yaratildi.
Bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urug‘chilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari va “onalik” plantatsiyalari yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu xo‘jaliklarda joriy yilda 123 mln tup ko‘chat tayyorlanadi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ularni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.
Hududida daraxt ekkan, ishlab chiqarishda ekologik toza uskuna va materiallardan foydalanganlarga “yashil tadbirkor” maqomi beriladi. Bu tadbirkorlar reytingida ham inobatga olinadi. Ularga tashqi bozorlarga chiqishi uchun “yashil sertifikat” olish, bozor topishda yordam beriladi.
Avvalroq “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.