Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2025-yilgi davlat dasturi loyihasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tanqidiy kechgan majlisda davlat rahbari yashil energiya ulushini oshirishni qo‘llab-quvvatlash vazifalarini belgilab berganini qayd etdi.

Aholi tomonidan ishlab chiqarilgan va iste’molidan ortib qolgan elektr energiyasini sotib olish mexanizmini ishlab chiqish, ishlarni manzilli ravishda mahallabay tashkil etish topshirildi.

“Yashil” energiya ulushini 26% ga yetkazish uchun ishga tushiriladigan 3,5 GVt generatsiya quvvatlariga qo‘shimcha ravishda yana 1 GVt “yashil” energiya quvvatini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

“Ikki yil ichida 3 mingga yaqin kichik gidroelektr stansiyalarini qurish hamda aholi va xo‘jalik subyektlari binolari tomining kamida 50%ida quyosh panellari va suv isitish tizimini o‘rnatish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi”, — dedi vazir.

Shu bilan birga, Mirzamahmudov iste’mol qilinayotgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va issiqlik manbalarini tejash, jumladan, binolardagi energiya samaradorligini oshirish va resurslardan unumli foydalanish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Bunda, dasturda energiya samaradorli past korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etish belgilanadi.

2030-yilgacha mamlakatda 19 ming MVt yashil quvvatlarni barpo etish orqali qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 500 GVt quyosh, 100 GVt shamol va 10 GVt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.

Avvalroq bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinishi xabar berilgandi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” talablar asosida bo‘ladi.