Raqobat qo‘mitasi farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar tomonidan referent narxlar oshirilgani aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbout xizmati xabar berdi.
“Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali hududlar kesimida o‘tkazilgan monitoringda 1 300 ga yaqin dorixonalar tomonidan qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.
Eng ko‘p holat Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lib, 228 ta dorixona narxlarni asossiz oshirgan. Ularning yarmidan ko‘pi chakana savdo bilan shug‘ullanadi. Undan keyingi o‘rinda 182 ta dorixona bilan Samarqand hamda 134 ta dorixona bilan Toshkent viloyatlari turibdi.
Shuningdek, 100 dan ortiq dorixonalar bilan Namangan, Navoiy hamda Jizzax viloyatlari keyingi pog‘onalarda joylashdi. Eng kam holat Surxandaryo viloyatida kuzatilgan — 18 ta dorixona. Ularning asosiy qismini ulgurji sotuvchilar tashkil etadi.
Natijada 270 ming ta holatda jami 11,6 mlrd so‘m miqdorida asossiz daromad olingan bo‘lib, bu pullarni iste’molchilarga qaytarish choralari ko‘rildi.
Raqobat qo‘mitasi dorixonalarni narxlarni asossiz oshirmaslikka va iste’molchilardan ortiqcha mablag‘larni olmaslikka chaqirmoqda.
1-apreldan farmatsevtika mahsulotlarini sotish yoki tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi barcha yuridik shaxslar QQS to‘lashga o‘tishi belgilangan.
Avvalroq dorilarni elektron retsept asosida yozish va berish imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi. Sinov jarayoniga Qibray tumanidagi tibbiyot muassasasi va 8ta dorixonalar tarmog‘i qamrab olingan.