27-yanvar kuni qabul qilingan prezident qarori bilan O‘zbekistonning transport-logistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Hujjat bilan, avtomobil, temir yo‘l va havo transportida xalqaro yuk tashish umumiy hajmini kamida 2 baravarga, transport va logistika xizmatlari eksportini 2 baravarga hamda konteynerlarda yuk tashish ulushini 1,5 barobarga oshirish belgilandi.
Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida (LPI) O‘zbekistonning o‘rnini 55-pog‘onadan past bo‘lmagan darajagacha ko‘tarish maqsad qilingan. Yuklarni xalqaro tashishni tashkil etishda transport-ekspeditorlik xizmatlariga QQS nol stavkada qo‘llanadi.
2025-yilning 1-iyunidan Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarining elektron navbat tizimi joriy etiladi.
Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi bilan hamkorlikda Xalqaro avtomobil transporti sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha mintaqaviy o‘quv markazi ochiladi.
Shuningdek, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida yo‘lbo‘yi servis (“Service area” va “Service point”) obyektlari tashkil etiladi.
Joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida prezident transport-logistika tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi. Mutasaddilarga elektron navbat tizimini joriy etib, chegaradan o‘tish vaqtini 20 daqiqagacha qisqartirish, transport vositalarini onlayn kuzatishni yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha yuk oqimlarini jalb qilish topshirildi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov “yashil koridorlar” tizimini joriy etish va yuk hujjatlarini o‘zaro tan olish belgilanganini ma’lum qildi. “Dovut ota,” “G‘ishtko‘prik” va “Navoiy” nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytirilib, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etiladi.
27-yanvardan sinov tarzida ishga tushirilgan Qozog‘iston bilan chegaradagi “Navoiy” bojxona postida xalqaro yo‘nalishdagi avtomobillar uchun elektron navbat tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov Jahon bankining logistika samaradorligi indeksida O‘zbekistonning o‘rnini kamida 30-ga ko‘tarish topshirilganini qayd etgandi.
Avvalroq 1-fevraldan boshlab Qozog‘iston bilan chegaradagi “Dovud ota” posti uch oyga yopilishi haqida xabar berilgandi.