AQSh prezidenti Donald Tramp farmatsevtika mahsulotlari va yarimo‘tkazgichlar importiga bojlar joriy etilishini ma’lum qildi. Bu haqda “TACC” nashri xabar berdi.
“Yaqin kelajakda biz ushbu muhim tovarlarning ishlab chiqarilishini AQShga qaytarish maqsadida chet elda tayyorlangan kompyuter chiplari, yarimo‘tkazgichlar va farmatsevtika mahsulotlariga boj soliqlarini joriy etamiz,” — dedi Tramp Kongressdagi Respublikachilar partiyasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda.
“Ular [ishlab chiqaruvchilar] bizni tark etishdi va Tayvanga ko‘chib o‘tishdi, u yerda yarimo‘tkazgichlar biznesining taxminan 98%i to‘plangan. Biz ularning qaytishini istaymiz,” — dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning yangi ma’muriyati dori-darmon va yarimo‘tkazgichlar bilan shug‘ullanadi.
“Biz po‘lat va boshqa ba’zi sanoat turlari bilan ham shug‘ullanamiz,” — dedi Tramp qo‘shimcha bojlarni joriy etish imkoniyati haqida fikr yuritar ekan.
Avvalroq “Spot” Tramp sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish uchun $500 mlrdlik loyihani ishga tushirayotgani haqida yozgandi.
Loyihaning asosiy texnologik hamkorlari “Arm”, “Microsoft”, “NVIDIA”, “Oracle” va “OpenAI” kompaniyalari bo‘ldi.