“Uzbekistan Airways” joriy yil bahorda havo flotini minimum 5ta yangi samolyot bilan to‘ldiradi. Bu haqda 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Qady etilishicha, hozirda bu bo‘yicha tegishli ishlar boshlab yuborilgan va yangi samolyotlar olib kelinishi kutilmoqda.

Aviakompaniya hozirda yo‘lga qo‘yilgan 99dan ortiq yo‘nalishlarni (shundan 8tasi mahalliy aviqatnovlar) saqlab qolgan holda Toshkent-Madrid, Farg‘ona-Urumchi, Farg‘ona-Dehli yo‘nalishida aviqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.

Bu haqda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi boshqaruv raisining tijorat va turizm bo‘yicha o‘rinbosari Shuxrat Yadgarov ma’lum qildi.

Shuningdek, u Toshkent-Shenchjen yo‘nalishida ham aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi.

Xitoyga parvozlarning ochilishi mart-aprel oylarida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Bu esa Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi yo‘lovchilar oqimini o‘n baravarga oshirishga xizmat qilishi kerak. Shu sababli, biz ushbu bozorda katta istiqbollarni ko‘rmoqdamiz.

samolyot, uzbekistan airways

“Uzbekistan Airways” boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov (o‘rtada), boshqaruv raisining tijorat va turizm bo‘yicha o‘rinbosari Yadgarov Shuxrat (o‘ng tomonda).

Boshqaruv raisining ma’um qilishicha, hozirda aviakompaniya joriy yil uchun Germaniyaning “Deutsche bank” bankii bilan $100 mln jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mazkur mablag‘lar moddiy texnik bazani yaxshilash, parvozlar sifatini oshirishga yo‘naltiriladi.

Xudoyqulovning ta’kidlashicha, “Uzbekistan Airways” “Airbus” konserni bilan 14ta samolyot olish bo‘yicha memorandum imzolagan. Mazkur samolyotlar O‘zbekistonga 2028−2030-yillarda keladi va to‘lov qilish jarayoni hozir boshlangan.

Shuningdek, joriy yilda aviakompaniya “Boeing” kompaniyasi bilan memorandum imzolaydi. Unga ko‘ra, kompaniya 2029−2032-yillarda 14ta “Dreamliner” samolyotlarini olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xarid qilinishi rejalashtirilayotgan samolyotlar narxi taxminan $2 mlrdni tashkil qiladi, deya qayd etdi Xudoyqulov.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” 20-yanvardan Yevropaga Rossiyani chetlab ucha boshlagani haqida yozgandi.

Bu parvozlar vaqtini uzaytirib, qo‘shimcha xarajatlarga olib keldi. Shunga qaramay, aviakompaniya chipta narxlarini o‘zgartirmagan.