“Uzbekistan Airways” Yevropa mamlakatlariga Rossiya havo hududini chetlab ucha boshladi. Bu haqda 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
Aviakompaniya boshqaruvi raisi Havodagi harakatni boshqarish markazi mutaxassislari bilan tahlillar o‘tkazilishini, havo hududida sodir bo‘ladigan holatlar yuzasidan onlayn xabarnoma (NATOM) chiqarilishini, ekipajga ko‘rsatmalar berilishini ta’kidladi.
20-yanvardan boshlab “Uzbekistan Airways"ning Yevropa yo‘nalishidagi barcha parvozlari to‘liq o‘zgartirilgan. Xudoyqulovning qayd etishicha, bu Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligining (EASA) tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, aviaqatnovlar janubroqdan — Ozarbayjon va Istanbul orqali amalga oshirilmoqda.
“Bu, albatta, har bir parvozni 30−40 daqiqagacha bir tomonga ko‘paytirdi. Bu esa qo‘shimcha xarajat, degani. Shunga qaramasdan, biz chipta narxlarini o‘zgartirishni qayta ko‘rib chiqqanimiz yo‘q. Chunki bu fors-major holat va buning uchun yo‘lovchi javobgar bo‘lishi kerak emas”, — dedi Shuhrat Xudoyqulov.
25-dekabr kuni Bokudan Grozniyga yo‘l olgan “Embraer 190 AZAL” samolyoti Oqtov aeroporti yaqinida halokatga uchradi. Ozarbayjon transport vaziri Rashad Nabiyev samolyotga “tashqi ta’sir” ko‘rsatilganini ta’kidladi. Halokat sabablaridan biri Rossiya raketasi sabab bo‘lgan deb aytilgan.
Hodisadan keyin bir nechta xalqaro aviakompaniyalar Rossiya shaharlariga parvozlarni to‘xtatishini ma’lum qildi. Ular orasida “AZAL”, “Qazaq Air”, Isroilning “El Al” kompaniyalari bor. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Maxachqala va Grozniyga parvozlarni davom ettirmoqda.