“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi chipta narxlarini oshirishni rejalashtirmayapti. Bu haqda 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
“Poyezd chiptalari narxi qimmatlashayotgani fonida aviakompaniya arzonlarshtirilgan chiptalarni joriy etish orqali yo‘lovchilarni jalb qilishi mumkinmi?”, degan savolga kompaniya raisi talabdan kelib chiqib, bosqichma-bosqich mahalliy reyslar soni ko‘paytirilishini ma’lum qildi.
Hozirda mamlakat ichida 8 ta yo‘nalish bo‘yicha aviaqatnovlar amalga oshirilib, qatnovlarning asosiy qismi “Silk Avia” aviakampaniyasi hissasiga to‘g‘ri keladi.
2023-yilda “Silk Avia” “Uzbekistan Airways” tarkibiga o‘tkazilganidan keyin mahalliy qatnovlardagi samolyotlar soni 5 taga, haftalik qatnovlar soni esa 100 tagacha yetgan. Aviakompaniya samolyotlar sonini yana 2 taga ko‘paytirishni ko‘zda tutgan.
“Biz „O‘zbekiston temir yo‘llari“ yoki boshqa kompaniyalar bilan raqobatdoshmiz, deb ayta olmayman. Ulardan [yo‘lovchilarni] olib qo‘yish — bu noto‘g‘ri. Bir-birimizga yordam bergan holda xalqqa xizmat qilsak, to‘g‘ri bo‘ladi”, — dedi Xudoyqulov.
Shuningdek, aviakompaniya boshqaruvi raisi aviachiptalar narxi nima uchun yuqori bo‘lishini va o‘zgaruvchan tariflar qo‘llanilishini tushuntirdi. “Uzbekistan Airways"da ekonom klass toifasidagi chiptalarning 10 xil turi mavjud bo‘lib, eng arzon va eng qimmat toifa o‘rtasidagi farq yo‘nalishidan kelib chiqib, $200−300 ni tashkil etishi mumkin.
Xudoyqulov o‘zgaruvchan tariflarning qo‘llanishini “normal holat” deb atab, bu xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilishini ta’kidladi. “Masalan, bir xil tarif bo‘yicha ikki-uch oy oldin olingan chipta bilan parvoz vaqtidan ikki kun avval xarid qilingan chipta narxi o‘rtasida farq bo‘lishi tabiiy holatdir. Kim chiptani oldinroq xarid qilsa, arzonroq oladi”, dedi u.
“Biz mavjud toifalar va bozor talabi asosida chipta narxlarini o‘zgartirishimiz mumkin, lekin „Uzbekistan Airways“ chipta narxlarini qimmatlatishni rejalashtirayotgani yo‘q”, — deya xulosa qildi kompaniya raisi.
Avvalroq “Uzbekistan Airways” 20-yanvardan Yevropaga Rossiya havo hududini chetlab ucha boshlagani haqida xabar berilgandi. Bu parvozlar vaqtini uzaytirib, qo‘shimcha xarajatlarga olib keldi. Shunga qaramay, aviakompaniya chipta narxlarini o‘zgartirmagan.