Xitoyning “Alibaba” texnologik giganti matn, tasvir va videolarni tahlil qilish, shuningdek, kompyuter va smartfonlardagi qurilmalarni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan yangi Qwen2.5-VL sun’iy intellekt modellarini chiqardi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar bermoqda.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, model nafaqat “GPT-4o” (OpenAI), “Claude 3.5 Sonnet” (Anthropic) va “Gemini 2.0 Flash” (Google) dan, balki yaqinda shov-shuvga aylangan Xitoyning “DeepSeek"idan ham ustun turadi.

Qwen2.5-VL nima qila oladi:

  • har qanday turdagi hujjatlarni, shu jumladan qo‘lyozma matni, jadvallar, grafiklar, kimyoviy formulalar va qo‘lyozma yozuvlarni tanib olish;
  • obyektlarni turli formatlarda, shu jumladan absolyut koordinatalar va JSON formatlarida tanib olish, qidirish va hisoblash;
  • bir necha soat davom etadigan videoni tahlil qilish, asosiy voqealarni bir necha soniya ichida ajratib ko‘rsatish;
  • qaror qabul qilish va qurilmalarni boshqarish, bu modelning raqamli yordamchi sifatidagi funksionalligini oshiradi.

“Alibaba” “Qwen2.5-VL” Android uchun “Booking.com” ilovasida chiptani bron qilayotgan videoni ko‘rsatdi. Shuningdek, “Linux"da dasturlarni boshqaradi, hozircha sun’iy intellekt modeli faqat asosiy buyruqlarni bajara oladi.

2023-yilda “Alibaba” tasvirlarni solishtirish va muloqot qilish qobiliyatiga ega sun’iy intellekt modelini taqdim etgandi.

U bir nechta tasvirlarni solishtirishi, turli suratlar bilan bog‘liq ochiq savollariga javob berishi, hikoya yozishi va fotosuratlar asosida tasvir yaratishi mumkin.

Boshqa Xitoy sun’iy intellektlari singari, “Qwen2.5-VL” ham o‘rnatilgan filtrlarga ega. Siyosiy nozik mavzular, masalan, XXR rahbari Si Szinpinning xatolari haqidagi so‘rovlarga chat-bot shunchaki javob berishdan bosh tortadi. Bu Xitoy regulyatorlarining ishlab chiquvchilarga “asosiy sotsialistik qadriyatlarga” rioya qilish majburiyatini yuklovchi talablari bilan bog‘liq.

Mutaxassislar Qwen2.5-VL ishga tushirilishini “DeepSeek"ning jadal o‘sishiga javob deb bilishadi.

2024-yilda “DeepSeek-V2” 1 mln token uchun 1 yuan ($0,14) rekord darajadagi past narxda xizmatlarni taklif etib, Xitoyda narx urushini keltirib chiqardi. Bu “Alibaba,” “Baidu” va “Tencent"ni o‘z modellari narxini 97%ga tushirishga majbur qildi.

Biroq, “DeepSeek” asoschisi Lyan Venfenning aytishicha, uni narx-navo urushlari qiziqtirmaydi: “Maqsadimiz odamlardan oshib ketadigan AGI (sun'iy umumiy intellekt — „Spot eslatmasi“)ga erishishdir”.

alibaba, qwen, sun'iy intellekt


Avvalroq “Spot” Xitoyning “Bank of China” banki sun’iy intellektlarni rivojlantirishga $137 mlrd sarmoya kiritishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar bank sohasida innovatsion sun’iy intellektni ishlab chiqishga sarflanadi.