Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni elektr energetikasini 2025−2035 yillarda rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38% ga oshib, 81,5 mlrd kVt/soatga yetdi. Davlat rahbari bu “revolyutsion ko‘rsatkich” ekanligini qayd etdi.
Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli 11,2 GVtli qo‘shimcha quvvat yaratildi. Natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24% ga, “yashil” energiya hissasi esa 16% ga yetdi.
Shu davrda aholi daromadi 1,6 baravar o‘sgani, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr iste’moli 2016-yilga nisbatan 2 baravar ko‘p — 21 mlrd kVt/soatdan oshdi.
2030-yilga borib, mamlakat aholisi 41 mlnga yetishi, iqtisodiyot esa 1,5 karra o‘sishi kutilmoqda. Sanoatda $45 mlrdlik qo‘shilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik Ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Keyingi besh yilda 117 mlrd kVt/soat, 2035-yilda esa hozirgidan 1,7 baravar ko‘p, ya’ni 135 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov shu maqsadga qaratilgan uzoq muddatli dasturni taqdimot qildi.
Barpo etiladigan yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlarini tizimga ulash uchun 7 ming km magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi. Bu orqali hududlarda energiya balansi ta’minlanadi.
Bir viloyatda elektr yetishmovchiligi bo‘lsa, boshqa joyda qo‘shimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ga $4 mlrdlik investitsiya kiritish talab etiladi.
Elektr energiyasining tannarxini pasaytirish omili muqobil manbalarni ko‘paytirish ekanligi ta’kidlandi. Xorijiy ekspertlar O‘zbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlari ko‘pligini qayd etmoqda.
Shundan kelib chiqib, 2030-yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50% dan oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 MVt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 MVt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Sanoatda energiya samaradorlik orqali qo‘shimcha 27% yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati bor. Hozir kimyo va metallurgiya bo‘yicha ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori.
Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10−15% iqtisod qilish, 2030-yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14% dan 8−9% gacha tushirish vazifa qilib olinmoqda.
Xorijiy investorlar bilan yana $26 mlrdlik 24 GVtli loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan. Ularga ko‘p miqdorda uskuna va qurilish materiallari ishlatiladi. Bu mamlakat korxonalari uchun katta imkoniyat ekani, loyihalarda mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Iste’molchilarga barqaror va uzluksiz elektr yetkazib berish, sohada kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Mutasaddilarga elektr energetikasi sohasini 2035-yilgacha rivojlantirish dasturini tayyorlash topshirildi.
Avvalroq energetika vaziri ikki yil ichida 3 mingga yaqin kichik gidroelektr stansiyalarini qurish hamda aholi va xo‘jalik subyektlari binolari tomining kamida 50%ida quyosh panellari va suv isitish tizimini o‘rnatish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi.