Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini 2025−2035 yillarda rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Energetika bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbari O‘zbekistonda elektr energiyasining ulgurji bozoriga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qildi.
“2026-yildan boshlab elektr energiyasi sohasida raqobatli ulgurji bozor mexanizmlari to‘liq ishga tushishi, bunda shaffof onlayn savdo platformasi orqali soatbay shakllanadigan narxlar asosida savdolarni amalga oshirish topshirildi”, — dedi u.
Xo‘jayev hozirda bu bo‘yicha xorijiy mutaxassislar bilan ishlar olib borilayotganini qayd etdi. Xususan, AQShning “BSG”, Germaniyaning “DNV” kompaniyalari jalb qilingan.
Mazkur kompaniyalar, shuningdek, Turkiya ham Gruziya kabi mamlakatlar kompaniyalari konsultantlari bilan elektr energiyasi savdo platformasini yaratish bo‘yicha texnik topshiriqlar ishlab chiqilgan. Kelasi yildan boshlab platforma bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Elektr energiyasining ulgurji bozori
2023-yilning sentabrida O‘zbekistonda energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan 2024-yilning may oyida Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (regulyator) tashkil etildi.
2026-yildan agentlik elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tariflari hamda to‘lovlari miqdorlarini tasdiqlaydi. 2030-yilgacha elektroenergetika sohasida bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Hujjat bilan elektr energiyasining ulgurji bozorida talab va taklifdan kelib chiqqan holda erkin narx belgilanadi.
Davlat rahbari mamlakatda yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024-yil yakunigacha uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirishni topshirgandi.
2024-yilning avgust oyida prezident tomonidan “Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda qabul qilingandi. Elektr energiyasi uchun tariflar va to‘lovlarni belgilash regulyator tomonidan amalga oshiriladi.
2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, 2027-yilning 1-iyuligacha elektr tarmoqlarini, shu yil yakunigacha esa gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlarga o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu energiya yo‘qotishlarini kamida yarmiga qisqarishi kutilmoqda.
Oktabr oyida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida 2027−2028 yillarda elektr energiyasi va tabiiy gaz ulgurji bozoriga o‘tish yakunlanishini bildirgandi.
Avvalroq prezident tomonidan “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi qonun imzolangani haqida xabar berilgandi.