Avvalroq “Spot” Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagani haqida xabar bergandi.
Hujjat bilan yuqori texnologiyali elektronika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari tasdiqlanmoqda. Unga quyidagilar kiradi:
- identifikatsiyalash uchun mikroprotsessorli modullar (RFID);
- mobil telefonlar, planshetlar va ularning butlovchi qismlari;
- kompyuterlar, noutbuklar va ularning butlovchi qismlari;
- printerlar, skanerlar, nusxa ko‘chirish apparatlari;
- elektron axborot tashuvchilar (esda saqlash qurilmalari);
- avtomatik depozit mashinalari (ADM);
- elektron qurilmalarning butlovchi qismlari (yarimo‘tkazgichlar, mikrosxemalar, chiplar, fotopaneli uchun yacheykalar va boshqalar);
- tibbiy texnika (MRT, rentgen apparatlari va boshqalar);
- robototexnika, uchuvchisiz uchish apparatlari;
- misdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar (folga, bosma platalar, elektr transportini zaryadlash uchun qurilmalar);
- texnologik dastgohlar, ularning butlovchi qismlari va ehtiyot qismlari;
- dastgohlar uchun press-qoliplar;
- elektromobillar, quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun batareyalar va invertorlar.
Ushbu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishdan olinadigan daromadlar ishlab chiqarish boshlanganidan keyin 3 yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi. Shuningdek, bunday korxonalar sanoat obyektlari egallagan yer uchun soliq to‘lamaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda Soliq kodeksiga ushbu imtiyozlarni tasdiqlaydigan tuzatishlar loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Uni 2 oy ichida Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, prezident elektrotexnika ishlab chiqarishda foydalaniladigan materiallarni yetkazib berish uchun xalqaro logistika kompaniyalarida arzon narxlarda kvotalarni bron qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Unga asosan Xitoydan 3750ta konteyner kiradi.