Namanganda huquqbuzarlik sodir etgan turfirma jarimaga tortildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida Namangan shahrida joylashgan “Makan United Travel Group” kompaniyasi tegishli litsenziya olmasdan “Umra” tadbirini tashkil etgani aniqlandi.

Natijiada kompaniyaga nisbatan BHMning 200 baravari — 75 mln so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Dekabr oyi boshida mazkur amallarni noqonuniy tashkil etayotgan litsenziyasiz turoperatorlar javobgarlikka tortilgandi. Urganchlik turoperatorga esa “Umra” xizmatlarini litsenziyasiz reklama qilgani uchun jarima berildi.

Yil boshida huquq-tartibot idoralari tomonidan Namangan, Sirdaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazilib, bu kabi qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yildi.

Yanvar oyi o‘rtalariga kelib, fuqarolarga litsenziyasiz “Umra” tadbirlarini tashkil etgan Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridagi turfirmalar jarimaga tortilgandi.

Hozirda O‘zbekistonda mazkur tadbirlarni tashkil etish uchun faqat 12 ta turoperatorga litsenziya berilgan. Undan 6tasi Toshkent, 3tasi Namangan hamd qolgan 3tasi Andijon, Farg‘ona va Xorazmdagi kompaniyalardir.