2024-yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ga fuqarolardan firibgarlik holatlari bo‘yicha murojaatlar hajmi oshdi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan yili iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 9%i firibgarlik holatlari yuzasidan bildirilgan. Fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari asosida turli banklardan kredit ajratish bo‘yicha murojaatlar soni 2023-yilda 110 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu 42% ga oshgan.

Murojaatlarning 60%i o‘zini “Click” yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirgan firibgarlar haqida bo‘lgan. Ayrim holatlarda esa bir shaxs nomiga 5−6 ta bankdan kredit olingan.

Ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan banklarga fuqarolar kredit mablag‘laridan o‘zlari foydalanmaganligi hamda fuqaroviy da’vogar deb topilganligi, aybdor shaxslar topilgungacha kredit qarzdorligi hamda foizlar hisoblashni to‘xtatib turish yuzasidan topshiriqlar yuborilgan. Biroq, shunga qaramay banklar firibgarlarga aldanib qolgan fuqarolardan kredit to‘lashni talab qilib kelmoqda.

Ombudsman Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 5 ta da’vo arizalarini kiritdi, firibgarlik natijasida banklar bilan tuzilgan kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topildi. 1 nafar fuqaro nomiga olingan mablag‘lar uning foydasiga qaytarilib, ma’naviy zarar undirildi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

2024-yilning 1-noyabridan regulyator sinov tarzida onlayn kreditlar berishda vaqtinchalik tartibni joriy qildi. Shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan ushbu tartib joriy yilning 1-apreligacha amal qiladi. Bunda onlayn kredit olish uchun ariza yuborishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish talab etiladi. Bu talabgorning arizani shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga aniqlik kiritish imkonini beradi.

Buning natijasida Markaziy bank 285 mlrd so‘m miqdoridagi onlayn kreditlarni firibgarlardan qaytarib qoldi. Vaqtinchalik tartib doirasida 12 ta moliya instituti tomonidan fuqarolarga onlayn kredit ajratiladi. Yana 9ta bankning mobil ilovasi orqali xizmatni ko‘rsatish vatqincha to‘xtatilgan.

Avvalroq O‘tgan yilda firibgarlar o‘zlashtirgan 9,5 mlrd so‘m mablag‘lar bloklangani haqida xabar berilgandi.