Avvalroq 28-yanvar kuni farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan farmatsevtika mahsulotlari eksporti hajmini oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarining ayrim xarajatlarini qoplab berish nazarda tutilgan.

Ularning dori vositalaridan bittasini AQShning “Food and Drug Administration” (FDA) yoki Yevropa Ittifoqining “European Medicines Agency” (EMA) tashkilotlarida ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari 100% to‘lab beriladi. Bunda korxonalar ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Ishlab chiqaruvchilarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50%i ular ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng qoplab beriladi.

Farmatsevtika sohasidagi startap loyihalarni moliyalashtirishga venchur jamg‘arma tashkil etiladi. Fond sohaning biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlaridagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, farmonda Farmatsevtika tarmog‘ining istiqbolli loyihalari investitsiya jamg‘armasini ochish belgilandi.

2025-yilning 1-iyuligacha 5 ta namunaviy dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi va 2026-yil yakunigacha ularda yetishtirilgan o‘simliklarni qayta ishlash loyihalari ishga tushiriladi.

“Pharm Service” ixtisoslashgan davlat muassasasi tashkil etiladi. Tashkilot farmatsevtika korxonalarida ilg‘or standartlarni tatbiq etish bo‘yicha marketing va konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Davlat rahbari 2024-yilning dekabrida farmatsevtika tarmog‘i uchun investitsiya fondi tashkil etilishi va unga $100 mln ajratilishini ma’lum qildi. Yana $10 mln “Asakabank” huzuridagi venchur kompaniyaga tibbiy startaplarni moliyalashtirish uchun beriladi, yangi ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash uchun esa 20 mlrd so‘mlik grantlar yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, prezident farmatsevtika korxonalariga beriladigan bojxona imtiyozlari 2028-yilgacha uzaytirilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, u barcha dorixonalarni aylanmasidan qat’i nazar QQS to‘lashga o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Avvalroq 1 300 ga yaqin dorixonalarda narxlar asossiz oshirilgani aniqlangani haqida xabar berilgandi. 270 ming ta qonun buzilishi natijasida asossiz olingan 11,6 mlrd so‘m iste’molchilarga qaytarildi.