O‘zbekistonda retseptsiz beriladigan dori vositalariga cheklangan ustama narxi bekor qilinadi. Bu farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan prezidentning 28-yanvardagi farmoni bilan belgilandi.
Hujjat bilan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga yangi vazifalar yuklatildi. Xususan, agentlik biologik faol qo‘shimchalar va kosmetika mahsulotlari sanoatini rivojlantirish, shu jumladan, bozor konyunkturasini o‘rganish, tahlil qilish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, soha korxonalariga xorijiy amaliyot va standartlarni tatbiq etishga ko‘maklashishi kerak.
Shu bilan birga, mahalliy hokimliklar bilan hududiy farmatsevtika korxonalarining investitsiya loyihalarini monitoring qilish va hisobini yuritish, farmatsevtika sohasini raqamlashtirish va axborot dasturlarini joriy etish ham agentlik vazifasiga kiradi.
2025-yil yakunigacha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining laboratoriyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining dastlabki kvalifikatsiya (prequalification) tartibidan o‘tkaziladi.
Joriy yilning 1-aprelidan cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishda ularning barchasiga nisbatan eng past referent narx qo‘llanadi.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” tomonidan xorijiy valyutada qayd etilgan referent narxlar belgilangan hollarda avtomatik ravishda tadbirkor murojaatisiz qayta ko‘rib chiqiladi.
2024-yilning iyul oyida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov tibbiyot buyumlarini sotishda cheklangan ustamani bekor qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
Muloqotda “As-Farm” xususiy korxonasi rahbari tibbiy buyumlarning 90%dan ortig‘i O‘zbekistonga kontrabanda orqali kirib kelishini, uni tugatish uchun yengillik berish, jumladan, cheklangan ustamani bekor qilish kerakligini ta’kidlagandi.
Mamlakatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji va chakana sotishda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilishi belgilangan. Chetdan olib kelinadigan va mamlakat ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori va tibbiy buyumlarga vositachilar sonidan qat’iy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15%gacha ustama belgilanadi.
Chakana savdoda esa, ulgurji narxidan 20%dan ortiq bo‘lmagan miqdorlardagi cheklangan savdo ustamalari qo‘llaniladi. Ijtimoiy dorixonalar tomonidan ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, xarid qilish narxi yoki ulgurji narxning 10%idan ortiq bo‘lmagan cheklangan savdo ustamasi qo‘llanilgan holda sotiladi.
Avvalroq 1 300 ga yaqin dorixonalarda narxlar asossiz oshirilgani aniqlangani haqida xabar berilgandi. 270 ming ta qonun buzilishi natijasida asossiz olingan 11,6 mlrd so‘m iste’molchilarga qaytarildi.