Qashqadaryo viloyatidagi issiqxona 1,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

“Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reyd jarayonida Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Navro‘z” MFYda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Sh. S. ga tegishli xonadondagi issiqxonada tabiiy gaz tarmog‘iga tegishli loyiha hujjatlarisiz, xonadonga o‘rnatilgan hisoblagichning filtr qismidan o‘zboshimchalik bilan rezina shlang va gaz so‘rg‘ich orqali tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, sarflangan tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilindi va 1 mlrd 117 mln so‘mlik zarar hisoblandi.

Jarayonga tegishli barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.


Avvalroq “Spot” uchta hududda qariyb 802 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Toshkent shahri, Toshkent hamda Samarqand viloyatlarida fuqarolar tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.