2024-yilda quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolarga 12 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya berildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotgan 10 826 nafar jismoniy shaxsga to‘lovlar amalga oshirilgan.

Elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan 12,18 mln kVt/soat quyosh energiyasi uchun ajratilgan to‘lovlar miqdori 12,18 mlrd so‘mni (Markaziy bank kursi bo‘yicha $942,8 ming) tashkil etdi.

Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm viloyatiga to‘g‘ri keladi — 2,8 mlrd so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda 1,9 mlrd so‘m bilan Qoraqalpog‘iston hamda 1,4 mlrd so‘m bilan Toshkent shahri turibdi.

Aholidan elektr sotib olish

2023-yil boshida prezident aholi uchun quyosh energiyasidan foydalanuvchi tizim yaratish vazifasini qo‘ydi. Undan keyin hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilandi.

Dastur 1-apreldan amalga oshirila boshlandi. Uning doirasida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi bir kVt/soati uchun 1 000 so‘mdan davlat tomonidan sotib olinadi. Subsidiyalarni “Soliq” mobil ilovasi orqali olish mumkin.

O‘sha yilning iyun oyida aholi va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan elektrni sotish va unga subsidiya olish tartibi tasdiqlandi.

2024-yilning iyun oyida energotejamkor qurilmalarni o‘rnatganlarga tarifga nisbatan chegirma berilishi ma’lum qilindi. Ularga 3 yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15% chegirma qo‘llaniladi.

2025-yilda aholi xonadonlari, kichik tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining kamida 40%ida quyosh panellari va suv kollektorlarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. 2027-yilgacha bu ko‘rsatkichni 50% ga yetkazish belgilandi.

Avvalroq 2035-yilgacha O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 135 mlrd kVt/soatga yetkazilishi haqida xabar berilgandi.