Qoraqalpog‘iston, Namangan va Farg‘onada ham texnika universitetlari tashkil etiladi. Bu bo‘yicha 24-yanvar kuni prezidentning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Xususan, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan to‘qimachilik sanoati instituti negizida Namangan davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Unda muhandislik, qurilish, to‘qimachilik, IT va dasturlash, ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha hududning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji asosida oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi.
2025/2026 o‘quv yilidan ish beruvchi korxona va tashkilotlarning real muammolari asosida bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish va talabalarning bitiruv ishi himoyalari korxona va tashkilotlarda tashkil etiladi.
2026/2027 o‘quv yiligacha oliygohning kamida ikkita bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va uchta magistratura mutaxassisligi xalqaro tan olingan tashkilotlardan akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. 2025-yildan yirik ishlab chiqarish korxonalari universitetga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.
Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti hamda Namangan to‘qimachilik sanoati institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi va 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchilarga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.
Nukus davlat texnika universiteti Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda TATU Nukus filiali negizida tashkil etiladi.
Sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish universitetning asosiy vazifalaridandir.
2025/2026 o‘quv yiligacha universitetda tajriba-ishlab chiqarish (“spin-off”) korxonasi tashkil etiladi. Yangi o‘quv yilidan oliygoh talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi joriy etiladi.
Amudaryo muhandislik-texnologiyalar texnikumida muhandislik sohalaridagi kasblar bo‘yicha kasbiy ta’lim dasturlarida to‘liq davlat granti asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Farg‘ona viloyatidagi bir nechta OTMlar faoliyati qayta tashkil etiladi:
- Farg‘ona politexnika instituti va TATU Farg‘ona filiali negizida — Farg‘ona davlat texnika universiteti;
- Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali negizida — Qo‘qon davlat universiteti;
- O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filialini qo‘shib yuborish yo‘li bilan Farg‘ona davlat universiteti.
2025/2026 o‘quv yilidan mazkur universitetlarning malaka talablari va o‘quv dasturlari Top-300 talikka kirgan xorijiy OTMlar dasturlari asosida ishlab chiqiladi. Iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlarda tashkil etiladi.
Farg‘ona davlat texnika universitetida “spin-off” korxonalari faoliyati tashkil etiladi hamda ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.
Uchta universitetda ham Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Oldingi oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar o‘qishini yangi universitetlarda davom ettiradi va bitiruvchilarga yangi universitet diplomi beriladi.
Joriy yilning 22-yanvar kuni prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namanganda texnika universitetlari tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Undan keyin Buxoro davlat texnika universitetini tashkil etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8ta muhandislik maktabi ochildi. 35 ta muassasani yiriklashtirish orqali 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi, 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.