2026-yildan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibi o‘zgartiriladi. Bu haqda 30-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Unda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish borasida “raqamli bozor” bo‘lmagani uchun dehqonlar meva-sabzavotiga xaridor, qayta ishlovchi va eksportchilar esa mahsulot qidirayotgani ta’kidlandi. Ularni o‘zaro bog‘laydigan marketpleys ishga tushiriladi.

Yerdan samarali foydalanib, bir sotixda 5 mln so‘mdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer solig‘ining 90%i “keshbek” sifatida qaytariladi. Tomorqasiga ekin ekmaganlardan esa yer solig‘i oshirilgan miqdorda undiriladi.

Oxirgi uch yilda 260 ming gektar yer aholiga bo‘lib berilgandi. Bu tartib takomillashtiriladi va Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax va Toshkent viloyatida bo‘sh turgan 3 300 gektar yerning ijarasi tajriba tarzida yangi tartibda beriladi. Konturlar 3 gektardan 50 gektargacha yaxlit holda savdoga qo‘yilib, 49 yilga ijaraga taqdim etiladi.

Bu yerlar tuproq tarkibi va sifati tahlili, kafolatli suv limitini eng past va eng yuqori chegaralari ko‘rsatilgan holda auksionga qo‘yiladi. Savdolarda shu hudud va boshqa viloyatdagi tadbirkorlar ham qatnashib, yer olishi mumkin bo‘ladi.

Auksion boshlang‘ich narxni pasaytirib borish va bir yo‘la to‘lash sharti bilan o‘tkaziladi. Bu yerlarning bir qismiga saqlash va qadoqlash quvvatlari qurishga ham ruxsat beriladi.

Kelgusi yildan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibi ham o‘zgaradi. Ijaraga berilgan yerning ball-boniteti oshsa, to‘lanadigan soliq o‘zgarmaydi, aksincha tushib ketsa, soliq stavkasi 3 karra oshadi.

Prezident mahsulot yetishtirish va qayta ishlash uchun texnikalar yetkazib berish, dehqonlarga qulay lizing mahsulotlari taqdim etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Avvalroq O‘zbekiston ikki yildan keyin kartoshkaga ehtiyojni to‘liq ichki hisobdan qoplashga o‘tishi haqida xabar berilgandi. 2025-yilda kartoshkachilikni rivojlantirishga 400 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Xorijdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka 3 yilga bojxona bojidan ozod etiladi.