“Alibaba Cloud” kompaniyasi O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Bu haqda Soliq qo‘mitasining elektron xizmat ko‘rsatuvchilar uchun maxsus saytida ma’lum qilingan. Unga ko‘ra, Singapurning “Alibaba Cloud Private Limited” bulutli hisoblash sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro kompaniyasi 28-yanvar kuni ro‘yxatdan o‘tgan.

Avvalroq “eBay” marketpleysi O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqida xabar berilgandi.

2024-yilda yangi xorijiy soliq to‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish sur’ati oldingi yillarga nisbatan sezilarli darajada pasaygan. Xususan, faqat 6 ta kompaniya, jumladan “Etsy” marketpleysining Irlandiya yuridik shaxsi (“Etsy Ireland UC”) ariza topshirgan.

Shuningdek, Fransiyadan “Nexway” va Buyuk Britaniyadan “Contactpay Solution” ekvayring yechimlarini yetkazib beruvchilari, sun’iy intellektga asoslangan “DeepL” tarjima xizmati, “SaySomethingin.com” til kurslari agregatori hamda “Emirati Global Intellect Service” soliq to‘lovchilar sifatida ro‘yxatga olingan.

2020-yilning mart oyidan O‘zbekistonda xizmatlar va tovarlarni sotuvchi xorijiy elektron tijorat kompaniyalarini soliqqa tortish tartibi kuchga kirgan. Ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan sotuvlar bo‘yicha QQS to‘lovchilari sifatida tan olinadi.


Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda eng ko‘p soliq to‘lagan xorijiy internet-kompaniyalari ma’lum qilingandi.

Ro‘yxatda yetakchilikni 41,7 mlrd so‘m soliq to‘lovlari bilan “Meta” saqlab qolmoqda. “TikTok” esa birinchi marta Top-10 talikka kirdi.