Hukumatning 16-yanvardagi qarori bilan oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat dual ta’lim jarayonini tashkil etish, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni muvofiqlashtirish, OTM hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini belgilaydi.
2025/2026-o‘quv yilidan oliy ta’lim tizimida bosqichma-bosqich dual ta’lim asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi tashkil etiladi. Tizim birinchi bosqichda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3 va 4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi.
Bunda talabalarning amaliy mashg‘ulotlari korxonalar bilan hamkorlikda o‘tkazilib, jarayon OTM va amaliyot rahbari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Amaliy mashg‘ulotlar dasturi esa korxona va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Har yili 1-iyungacha dual ta’lim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar imkoniyatlari o‘rganiladi va ular ro‘yxati e’lon qilinadi. 1-sentabrga qadar esa qabul qilingan talabalarning korxonalarga biriktirilishi bo‘yicha korxona, talaba va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida shartnoma tuziladi.
Korxonalarga talabalar faoliyat davri uchun ish haqining 2 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Talabaga esa korxona tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ish haqi to‘lanadi.
Shuningdek, korxona tomonidan talabalarga biriktirilgan amaliyot rahbarlariga qo‘shimcha ravishda haq to‘lab boriladi. Korxonalarda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar doimiy monitoring qilinadi.
Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan oliy ta’lim sohasidagi vazifalar bo‘yicha taqdimotda korxonalarda dual ta’limga qiziqish kamligi, ularni rag‘batlantirish kerakligi ta’kidlangandi. Hozirda 15 ming nafar talaba 957 ta korxonaga biriktirilgan.
Avvalroq Nukus, Namangan va Farg‘onada ham texnika universitetlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.