Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

5 mlndan ziyod xonadonda 508 ming gektar tomorqa, avval tashkil etilgan dehqon xo‘jaliklarida 17 ming gektar va so‘nggi yillarda aholiga tarqatilgan 260 ming gektar yer bor. Bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta zaxira ekanligi qayd etildi.

O‘tgan 7 yilda tomorqa egalari va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 2,3 trln so‘m imtiyozli kredit va 265 mlrd so‘mlik subsidiya berilgan. Odamlarning ko‘nikmasidan kelib chiqib, 5 145 ta mahalla meva-sabzavot yetishtirish, ko‘katchilik, limonchilik kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilgan. Ilgari tomorqada gektaridan o‘rtacha 18 tonna mahsulot olingan bo‘lsa, hozirda bu 2 karra oshib, 38 tonnaga yetdi.

Mahallalarda qo‘shimcha 470 ming tonna meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlari yaratildi. Bu borada yaxshi tajriba yaratgan tuman va mahallalar ko‘pligi ta’kidlandi.

Asaka, Jondor, Shahrisabz, Uychi, Qiziltepa, Yangiyo‘l, Toyloq, Angor, Quva, Oltiariq kabi tumanlarda odamlar tomorqadan 2−3 marta hosil olib, bir sotixdan o‘rtacha 15−20 mln so‘m daromad topyapti. Bunday ishlarni boshqa joylarda ham rivojlantirish uchun aholi, qayta ishlovchilar va eksportchilarning takliflari o‘rganildi.

Masalan, samarqandlik bog‘bonlar uzum ko‘chatini shpalerga o‘tkazish uchun subsidiya berishni so‘ragan. Bunday usulda hosil 2 karra oshadi. Taklif qo‘llab-quvvatlanib, har bir shpaler uchun 15 ming so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Mayizni osma usulda quritish uskunalari uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kredit berilishi aytildi.

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Tasmasoy mahallasida 875 ta xonadon tomorqasida sitrus meva ko‘chati va limon yetishtirib, har biri yiliga 200 mln so‘mgacha daromad olayapti. Sariosiyo va Oltinsoydagi mingdan ziyod xonadonlar ham “handak” va “termos” usulida limon yetishtirish tashabbusini bildirgan.

Yangiyo‘llik dehqonlar ham o‘zimizning ko‘kat urug‘lari yo‘qolib ketgani, sifatli nav yetishmasligini aytgan. Bular bo‘yicha vaziyatni o‘nglash, aholi tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish bo‘yicha alohida kengash tuziladi. U aholini o‘qitishdan tortib, urug‘, ko‘chat yetkazish, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksportga chiqarish zanjirini yaratish bilan tizimli shug‘ullanadi.

Mazkur kengash boshqaradigan “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil etiladi. Ushbu xolding tarkibida meva-sabzavotchilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 15 ta kompaniya ochiladi. Bu kompaniyalar meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha o‘z brendini yaratgan 15 ta “drayver” tumanni yangi bosqichga olib chiqib, ularning tajribasini yana 72 ta tumanda ommalashtiradi.

Har bir kompaniyaga budjetdan 20 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Tomorqa kengashida alohida jamg‘arma tashkil qilinib, dastlabki bosqichda 260 mlrd so‘m pul va 1,2 trln so‘mlik kredit portfeli beriladi.

Buning hisobiga 15 ta kompaniya biriktirilgan tumanlardagi ixtisoslashgan mahallalar aholisini o‘ziga mijoz qilib, mablag‘ bilan ta’minlaydi. Tomorqada hosilni ko‘paytirish uchun chetdan yangi texnologiya va ekspertlar olib keladi.

Xonadonlarga hosildor urug‘ va ko‘chat, sifatli o‘g‘it yetkazish, agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish, mahsulotini qayta ishlash, saqlash va eksport qilishda ko‘maklashadigan tizim tashkil etiladi.

Urug‘chilik institutlari bilan hamkorlik rivojlantiriladi. Tanlab olingan tumanlarda “yashil” issiqxonalar tashkil etilib, namuna qilinadi. Aholi tomorqasida oziq-ovqat yetishtirishni moliyalashtirish uchun qariyb 5 trln so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Avvalroq yangi traktor va kombaynlardan GPS o‘rnatmasdan foydalanish taqiqlanishi haqida xabar berilgandi. Qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishda imtiyozlar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlardan xarid qilinganda qo‘llaniladi.