Rustam Zokirov 2002-yilda Samarqandda tug‘ilgan va dastlabki ta’limni shu yerda olgan. So‘ng 2019-yilda Toshkentdagi Inha universitetida o‘qishini davom ettirgan va 2023-yilda uni muvaffaqiyatli tugatgan.
O‘qish davomida Rustam “EPAM Systems” va “Exadel” kabi xalqaro IT kompaniyalarida amaliy tajriba to‘pladi. 2023-yilda u “Google"ning murakkab intervyularidan muvaffaqiyatli o‘tib, dasturchi lavozimiga ishga qabul qilindi. 2024-yilning yozidan boshlab “Google"ning Myunxendagi ofisida dasturiy ta’minot muhandisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Foydali dasturlar yaratishga bo‘lgan xohish
2018-yil o‘rta maktabni tamomlash arafasida O‘zbekistondagi xalqaro universitetda o‘qishga qaror qildim. Matematikaga qiziqishim kuchli edi va matematika o‘qituvchim Toshkentdagi Inha universitetiga hujjat topshirishni maslahat berdi. IT-sohasini tanlashimning asosiy sababi jamiyatimiz uchun foydali va zarur dasturlar yarata olishimni tushunganim edi.
IT-mutaxassislar sog‘liqni saqlash tizimlari, taʼlim platformalari kabi jamiyatga katta foyda keltiradigan loyihalarda ishtirok etishadi. Men ham shunday muhim ishlarga o‘z hissamni qo‘shishni, bunday loyihalarning bir qismi bo‘lishni xohlardim.
Ota-onamning 6-sinfdaligimda ingliz tili kurslariga yozdirishlari hayotimda juda muhim qadam bo‘ldi. O‘sha paytda olgan bilim va tajribalarim kelajakdagi maqsadlarimga erishishda asos bo‘lib xizmat qildi.
Dastlabki ish va maosh
Ish topish oson bo‘lmadi. Universitetda birinchi va ikkinchi kurslarda o‘qish bilan birga turli loyihalar yaratdim va rezyumemni yaxshilashga eʼtibor qaratdim. Ish izlayotganingizda texnologiyalarni bilishingiz va ulardan qanday foydalanganingizni amaliy misollar bilan ko‘rsatishingiz kerak.
Bir do‘stim bilan birga Python dasturlash tili, backend texnologiyalarini o‘rganib, bir qator loyihalar yaratdik. 2021-yilda “Digital Generation Uzbekistan” musobaqasida qatnashib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritdik. 2022-yilda esa “Cambridge International Coding Festival” hakatonida qatnashib, 60 ta jamoa orasida 2-o‘rinni egalladik va $3,000 USD mukofot bilan taqdirlandik. Shu yili “Computer Vision AI Challenge” hakatonida ham ishtirok etib, 50 ta jamoa orasida g‘olib bo‘ldik. Shu tarzda junior engineerʼlar uchun ochiq lavozimlar bo‘lmaganidan o‘zimiz uchun imkoniyatlar yaratdik.
Shunday qilib, dastlabki ish joyimni “Uzinfocom” kompaniyasida dasturiy ta’minot muhandisi sifatida topdim, lekin u yerda menga qiziq bo‘lmagani uchun faqat uch oy ishladim. Keyin, 2021-yil, universitetning uchinchi yilida “EPAM Systems” kompaniyasiga ishga qabul qilindim. Bu kompaniya menga katta imkoniyatlar yaratdi, bu yerda katta dasturiy taʼminot muhandisigacha o‘sishga muvaffaq bo‘ldim.
Dastlabki maoshim oyiga $800 edi. Ish faoliyatim davomida katta ma’lumotlar bilan ishlaydigan muhandis, dasturchi-muhandis va dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazishni avtomatlashtirish bo‘yicha muhandis kabi turli lavozimlarda ishladim. Oxirgisiga kompaniyaning ehtiyojlari sabab o‘tgandim. Lekin bu yangi yo‘nalishni sinab va o‘rganib dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha yetakchi muhandis lavozimiga ko‘tarildim.
Foto: Rustam Zokirovning shaxsiy arxividan
Googlega topshirish va intervyu bosqichlari
Universitetning birinchi kursidan boshlab har 1−2 oyda MAANG (Meta, Apple, Amazon, Netflix, Google) va boshqa yirik kompaniyalarga turli lavozimlar uchun murojaat qilib bordim. Ushbu jarayon davomida muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizliklar menga tajriba va saboq bo‘ldi. Xususan, “Facebook” intervyusida muvaffaqiyatsizlikka uchradim, “Bloomberg” intervyusidan muvaffaqiyatli o‘tdim, lekin bo‘sh lavozimlar to‘ldirilgani sabab ishga olinmadim.
21 yoshimda “Google"da ishlashni aniq reja qilmagandim, lekin ulkan yutuqlarga erishish va texnologiya sohasida izchil rivojlanishni maqsad qilganim meni ushbu kompaniyaga olib keldi. Bu jarayonda berilgan har bir imkoniyat uchun juda minnatdorman.
“Google"da suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish uchun ikki yil davomida tayyorgarlik ko‘rdim. 2023-yilda Inha universitetini tamomlagach, hech qanday tavsiyanomasiz kompaniyaning rasmiy sayti orqali ariza topshirdim. Uch kundan so‘ng ishga qabul qiluvchi men bilan bog‘lanib, bir qator texnik va texnik bo‘lmagan suhbatlar boshlandi. Jami 8ta rasmiy suhbatdan o‘tdim.
Suhbat jarayoniga ikki oy, jamoa tanlanishiga 6 oy va viza olish uchun yana 3 oy vaqt ketdi. Umuman olganda, butun jarayon bir yil davom etdi. 2024-yil aprel oyida kompaniyaning Myunxendagi ofisidan ish taklifini oldim.
IT-sohasidagilarning ko‘pchiligi O‘zbekistondan turib yirik xorijiy kompaniyalardan ish taklifini olish imkonsiz, deb o‘ylashadi. Lekin ko‘rib turganingizdek, imkoniyatlar eshiklari endi ochiq.
Intervyu haqida. Texnik suhbatda muammolarni hal qilish va dasturlash ko‘nikmalari baholanadi. Bu odatda onlayn platforma yoki telefon orqali o‘tkaziladi. Onsite intervyular — bu keng qamrovli baholash jarayoni bo‘lib, odatda bir kunda 4−5 ta intervyudan iborat bo‘ladi. Har bir intervyu maʼlum ko‘nikmalarga, masalan, muammolarni hal qilish, texnik bilimlar, hamkorlik va xulq-atvor jihatlariga qaratiladi. Quyida batafsil tushuntirib beraman.
Foto: shaxsiy arxiv
Intervyu turlari:
- Coding interviews: algoritmlar va maʼlumotlar tuzilmalari bo‘yicha muammolarni yechishga qaratilgan. Bunga oid ko‘p uchraydigan mavzularni leetcode.com veb-saytidan ko‘rish mumkin.
- System design (katta tajribali rollar uchun): katta ko‘lamdagi tizim yoki ilova dizaynini yaratish so‘raladi. “YouTube”, “Google”, yoki “Instagram”, “Facebook” platformalarini qanaqa yasaysiz, deb savol berishi mumkin. Sizdan tizimni kengaytirish imkoniyatlarini tushunish va tanlovlarni asoslash talab qilinadi.
- Behavioral interviews: jamoada ishlash, nizolarni hal qilish va qaror qabul qilish qobiliyatlaringiz baholanadi. Javoblarni tuzishda STAR usulidan (Situation, Task, Action, Result) foydalaning.
- Role-specific interviews: murojaat qilgan lavozimga mosligingizga oid intervyu (masalan, front-end dasturlash, mashinasozlik o‘qitish yoki maʼlumotlar bazasi boshqaruvi).
- Googleyness interviews: sizning “Google” madaniyati, qadriyatlari va jamoaviy hamkorlikka mosligingiz baholanadi.
- Jamoa tanlovi: agar intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tsangiz, sizning profilingiz asosida mos jamoalar tanlanadi va ular bilan qo‘shimcha suhbatlar o‘tkazilishi mumkin.
- Ishga olish: ishga olish komissiyasi barcha jarayonlardagi natijalarni ko‘rib chiqadi va maʼqullangandan so‘ng tajribaga mos keladigan raqobatbardosh ish taklifi taqdim etiladi.
- Tekshiruv jarayoni: ariza topshirish jarayonida taqdim etilgan maʼlumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun tekshiruv amalga oshiriladi.
Viza jarayoni. Buni kompaniya o‘zi boshqaradi — ularning hujjatlarni tayyorlash va elchixonada uchrashuvni taʼminlashda yordam beradigan sherigi bor. Jarayon umumiy hisobda 2−3 oy davom etadi.
“Google” Germaniya hukumatidan hujjatlarni yig‘ish uchun bir oy sarfladi. Tasdiqni olgandan so‘ng (bu deyarli kafolatlangan) biz elchixonada uchrashuv belgiladik. Suhbat uch haftadan keyinga rejalashtirildi va elchixonaga tashrif buyurgach, viza 7 kun ichida tayyor bo‘ldi.
IT-mutaxassislarni jalb qilish uchun Germaniya vizasiga ariza berish jarayoni soddalashtiriladi. Blue Card deb nomlangan dastur mavjud bo‘lib, siz nemis kompaniyasidan yillik yalpi ish haqi kamida 52,5 ming yevro bo‘lgan taklif olishingiz kerak. Shuningdek, uch yillik kasbiy ish tajribasi yoki universitet malakasini isbotlash kerak. Agar ish talab qilmasa, nemis tilini bilish shart emas.
Foto: shaxsiy arxiv
Kompaniya sharoitlari va bonuslar
“Levels.fyi” manbasiga ko’ra, “Google"ning Myunxendagi ofisida ishlaydigan dasturiy ta’minot muhandislariga oyiga bonus va aksiyalarni qo’shib hisoblaganda $10000 dan $34700 va undan yuqori to‘lanadi.
Ish haqi yashash joyingiz va lavozimingiz darajasiga bog‘liq. Ya’ni junior darajadagilar oyligi $10000, middle darajadagilar $14100, seniorlar esa $18600 ming va undan yuqori olishadi (aksiya va bonuslar bilan birga).
Xodimlarga qo‘shimcha motivatsiya sifatida oylikdan tashqari aksiyalar ham berib boriladi. Bu juniorlar uchun yiliga $27000, middle’larda $46200, seniorlarda esa $70000 va undan yuqorini tashkil qiladi. Bonuslar ham shu tariqa ko‘tariladi — juniorlarga yiliga $7600, middle va seniorlar uchun mos ravishda — $14100 va $19000 atrofida beriladi.
Boshqa imtiyozlar. Xodimlarga keng imkoniyatlar yaratilgan, jumladan:
- Bepul ovqatlanish (nonushta, tushlik, kechki ovqat);
- snackʼlar, ichimliklar va mevalar bilan to‘ldirilgan kichik oshxonalar;
- ofis ichidagi sport zallari, o‘yin xonalari, futbol va basketbol maydonlari;
- musiqa xonalari;
- maxsus xodim tomonidan amalga oshiriladigan massaj xizmatlari va boshqa imtiyozlar.
Germaniyada yuqori daromad keltiruvchi sohalar. IT-sohasidagi ish haqi keskin oshishi mumkin bo‘lgan AQShdan (masalan, Silikon vodiysi) farqli o‘laroq, Germaniyada hatto texnologiya kabi talab yuqori bo‘lgan sohalarda ham ish haqi ancha standartlashtirilgan. Bu yerda ish haqi turli sohalarda sezilarli darajada farq qiladi, bunga talab, mintaqaviy iqtisodiy kuch va individual malaka kabi omillar taʼsir qiladi.
Foto: shaxsiy arxiv
Yuqori daromadli sohalar:
- Axborot texnologiyalari (IT);
- moliya va sug‘urta;
- tibbiyot texnologiyalari.
Dastlabki qiyinchiliklar. Ish boshlaganimda hamma narsa yangi edi. Avvalgi kompaniyalarda ishlatgan texnologiyalarimdan hech biri qo‘llanilishi mumkin emasdi. Kompaniya hamma narsani boshidan yaratadi. Dastlabki uch oy davomida ichki vositalarni o‘rgandim, moslashdim.
Hozirda men Android jamoasida ishlayman. Jamoamiz avtomobillar uchun Android operatsion tizimini ishlab chiqadi. Bugungi kunda ko‘plab zamonaviy avtomobil brendlari — BMW, Porsche, Audi, Volvo, Renault, BYD va boshqalar — shu tizimidan foydalanadi.
Yana bir muammo ulkan miqyos va murakkablik edi. Avvaliga tushunish qiyin bo‘lgan juda ko‘p ichki jarayonlar bor, ammo oxir-oqibat ular menga o‘sishimga yordam berdi.
Bundan tashqari, ko‘plab yangi yollanganlar o‘z hamkasblarining isteʼdodi va tajribasidan qo‘rqishadi. O‘z qobiliyatingizga ishonch hosil qilish uchun vaqt kerak. “Google"da work-life balance muvozanati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Hech kim sizga ortiqcha bosim o‘tkazmaydi va barcha hamkasblar yordamga tayyor. Bu qo‘llab-quvvatlovchi muhit yangi xodimlar uchun moslashuv jarayonini ancha osonlashtiradi.
Shaharga moslashish va xarajatlar
Myunxendagi hayotga moslashish men uchun juda qiziqarli va boy tajriba bo‘ldi. Shaharning transport tizimidan tortib ish joylarining yuqori darajada tashkil etilganligigacha bo‘lgan barcha jihatlar meni hayratga soldi. Odamlarning xushmuomalaligi va yordam berishga tayyorligi moslashish jarayonini ancha yengillashtirdi.
Myunxen zamonaviy infratuzilmani boy madaniy meros bilan uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lgan shahar. Ayniqsa, atrof-muhitni muhofaza qilishga bo‘lgan e’tibor, ko‘plab velosiped yo‘laklari va ekologik toza transportning keng tarqalganligi eʼtiborga loyiq.
Foto: shaxsiy arxiv
Germaniyada o‘rtacha oylik xarajatlar.
Ijara uchun. Agar siz yolg‘iz bo‘lsangiz, ehtimol, Myunxen markazidan 800−1200 yevro atrofida kvartira-studiyani ijaraga olasiz. Yaxshi ikki xonali kvartiralar narxi 1500 yevrodan boshlanadi.
Oziq-ovqatga. Ish joyimda nonushta, tushlik va kechki ovqatlar taqdim etiladi, shuning uchun ish kunlarida ovqatga pul sarflamayman. Bu odamlarni kompaniyaga jalb qilishning bir usuli bo‘lib, ovqatni tanlash va buyurish bilan vaqt sarflashdan ko‘ra, muhimroq ishlar bilan shug‘ullanishga yordam beradi. Uyda ovqat pishirmayman, faqat dam olish kunlari tushlik qilish uchun tashqariga chiqamiz. Oddiy taomlarning o‘rtacha narxi 15−20 yevro atrofida. Supermarketlardagi narxlar Toshkentdagi narxlarga juda o‘xshaydi, ba’zi mahsulotlar esa hatto arzonroq.
Transportga: 58 yevro evaziga bir oylik chipta (D-ticket) sotib olaman va jamoat transportidan, tramvay, avtobus, metro va mintaqaviy poyezdlardan bemalol foydalanaman. Bu chipta bilan turli shaharlarga, masalan, Myunxendan Berlinga bepul sayohat qilish mumkin.
Muhim tavsiyalar
MAANG darajasidagi kompaniyaga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar uchun bir nechta maslahatlar: aniq maqsadlarni belgilang va ularga erishish uchun zarur bilimga ega bo‘ling. Agar siz haqiqatan ham biror narsani xohlasangiz, nima bo‘lishidan qatʼi nazar, uni bajarishga erishasiz.
Bir narsani yodda tuting, baxtli bo‘lish muvaffaqiyatga erishishdan muhimroq. O‘zingiz yoqtirgan ish bilan shug‘ullansangiz, har kuni ertalab uyqudan xursand bo‘lib uyg‘onasiz va ishga borishga ishtiyoqmand bo‘lasiz.
Kelajakdagi rejalar. “Google"da muhandis sifatida o‘sishda davom etish, eng yaxshilardan o‘rganish va iqtidorli mutaxassislar bilan hamkorlik qilishni maqsad qilganman. Shuningdek, o‘z ishimni boshlashni rejalashtirganman va blogim hamda videolarim orqali O‘zbekistondagi yosh mutaxassislar bilan orttirgan bilimlarimni baham ko‘rishni maqsad qilganman.