Saudiya Arabistonidagi Jeddah minorasi qurilishi ustida ishlovchi “Kingdom Holding” kompaniyasi dunyodagi eng baland inshootning qurilishi 2028-yilda yakunlanishini e’lon qildi.

Loyiha Chikagodagi “Adrian Smith + Gill Gordon Architecture” studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Jeddah minorasi — dunyo miqyosidagi ambitsiya va taraqqiyot ramzining qurilishi rasman qayta boshlandi," — deya ma’lum qildi “Kingdom Holding” kompaniyasi.

“Kingdom Tower” nomi bilan ham tanilgan bu osmono‘par bino haqida dastlab 2011-yilda xabar berilgan bo‘lib, uning qurilishi 2013-yilda boshlangan edi.

Osmono‘par binoning yakuniy balandligi hozircha aniqlanmagan bo‘lsa-da, u kamida 1001 metr bo‘lishi rejalashtirilgan.

Bu uni bugungi kunda dunyodagi eng baland bino bo‘lgan Dubaydagi 828 metrli Burj Xalifadan kamida 173 metr baland qiladi.

Dastlab qurilish 2020-yilda yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, u cho‘zildi va oxir-oqibat 2018-yilda to‘xtatildi. Bu vaqt ichida u 63-qavatga ko‘tarildi.

O‘tgan hafta o‘tkazilgan tantanali marosimda 64-qavatdagi ishlar qayta boshlandi. Quruvchi vakili har to‘rt kunda bir qavatni topshirishni rejalashtirganini va qurilishni 2028-yilga qadar yakunlashni mo‘ljallaganini ma’lum qildi.

Jeddah minorasi Jidda shahrining shimolida bunyod etilayotgan yangi hududning markaziy qismiga aylanadi. Binoda “Four Seasons” mehmonxonasi, turar-joy xonalari, ofislar va 157-qavatda joylashgan dunyodagi eng baland ko‘rik maydonchasi o‘rin oladi.

Avvalroq “Spot” Ar-Riyodda 400 metr balandlikdagi kub shaklidagi Muqaab osmono‘par binosining qurilishi boshlangani haqida yozgandi.

Loyiha Davlat investitsiyalari jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish bo‘yicha “Vision 2030” strategiyasi doirasida 2030-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.