Latviyada o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun kvotalar sonini belgilamaydi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rigada agentlik, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi mas’ullaridan iborat delegatsiya bilan Latviya Farovonlik vaziri Uldis Augulis o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda o‘zbekistonlik ishchi kuchiga Latviyada munosabat ijobiy ekanligi ta’kidlandi. Hozirda mamlakatda 4 mingdan fuqarolar mehnat faoliyatini olib bormoqda va tomonlar ular sonini oshirish istagini bildirdilar.
Bundan tashqari, Latviya Ichki ishlar vazirligining Parlament kotibi Igor Rayevs va vazirlik mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatdagi ishlarga xavfsiz va tashkillashtirilgan tarzda jalb qilish, ularning huquqlarini himoyalash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Latviyaning “Kreiss” logistika kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirishga kelishildi.
O‘zbekistonda kompaniyaning yuk avtotransporti haydovchilarini tayyorlov o‘quv markazlarini tashkil etish hamda 2025-yilda 400 nafar haydovchini ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.
3 ming nafar xodimga ega “Kreiss” 2024-yilda 215 mingta xalqaro yuk tashishni amalga oshirgan. Kompaniyaning 1 500 ta avtotrakdan iborat avtoparki mavjud.
Avvalroq Rossiyaning qurilish kompaniyalari 830 nafar o‘zbekistonlikni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi. Sverdlovsk hamda Tyumen viloyatlaridagi bir nechta kompaniyalar bilan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilishga kelishildi.