“Meta” korporatsiyasi 2021-yilda “Facebook” va “Instagram"dagi hisoblarni bloklash bo‘yicha AQS prezidenti Donald Tramp va boshqa shaxslarning da’vosini hal qilish uchun $25 mln to‘laydi. Bu haqda “RBC” nashri xabar berdi.

Kelishuv doirasida “Meta” Tramp prezidentlik kutubxonasi qurilishini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga $22 mln o‘tkazadi, qolgan $3 mln esa prezident bilan birgalikda da’vogar bo‘lgan to‘rt kishiga beriladi.

Qayd etilishicha, mazkur kelishuv shartlariga ko‘ra, “Meta” o‘zini huquqbuzarlikda aybdor deb tan olmaydi.

“Meta” bosh direktori Mark Sukerberg va Tramp o‘rtasidagi bevosita muzokaralar natijasida bitim tuzilgani haqida prezident advokati Jon Koul “Politico” nashriga ma’lum qildi.

Yillar o‘tib, da’voning hal etilishiga nima sabab bo‘lgani haqidagi savolga javoban, u butun shu vaqt mobaynida kelishuv ustida ish olib borganini aytdi.

2021-yilning yozida “Meta” sobiq Amerika yetakchisining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini uning tarafdorlari Kapitoliyni egallab olganidan keyin ikki yilga bloklagandi. Tramp ijtimoiy tarmoqni senzurada aybladi.

2023-yil yanvarida “Facebook” va “Instagram” ijtimoiy tarmoqlari AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning akkauntlarini blokdan chiqarishga qaror qildi.

Qayd etilishicha, agar taqiqlangan kontent chop etilsa, u olib tashlanadi va Tramp qoidabuzarlik darajasiga qarab bir oydan ikki yilgacha muddatga bloklanadi.


Avvalroq “Spot” Donald Tramp “Silk Road” darknet-marketpleysi asoschisi Ross Ulbrixtni afv etgani haqida yozgandi.

Ross 2015-yilda giyohvand moddalar, qurol-yarog‘ va hujjatlar savdosi maydonchasini boshqarganligi uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.