Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Payme” raqamli platforma operatorining ustun mavqeini tan oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qo‘mitaning tegishli buyrug‘i bilan onlayn to‘lov tizimlari bozorida “Payme” ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi.

Bunga asos sifatida “Payme” bozorda ustun mavqega erishganligi to‘g‘risida Raqobat qo‘mitasiga xabarnoma taqdim etgan.

Qo‘mita hukumatning 2024-yilning may oyidagi tegishli qarori bilan raqamli platforma operatorining ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini e’tirof etish tartibi, shuningdek, raqamli platforma operatorini ustun mavqega ega deb e’tirof etish mezonlari belgilanganini qayd etdi.

2019-yilda “TBC Bank Group” “Payme” brendi ostida faoliyat yurituvchi “Inspired” kompaniyasining 51% ulushini sotib olgandi. 2023-yilning mayida Gruziya kompaniyasi “Payme"ning qolgan ulushini $55,7 mlnga sotib oldi.

O‘tgan yilning oktabrida Raqobat qo‘mitasi “Yandex Eats” va “Express24” raqamli platforma operatorlarining ustun mavqeini tan olgandi.