Avvalroq Shavkat Mirziyoyev tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda mamlakatda eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri kartoshka ekanligi, 290 ming gektarda ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi importdan qoplanayotgani ta’kidlandi. Buning sababi esa nav va hosildorlik yaxshi emasligida.

Endi Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” usulida yiliga 3 mln dona tuganaklar yetishtirib, tarqatish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Xorijdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi.

Shu bilan birga, 2027-yildan kartoshkaga ehtiyoj to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda.

2024-yilning noyabrida prezident huzurida o‘tkazilgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha taqdimotda 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining hisob-kitobi yuritilishi ma’lum qilingandi. Bular qatorida kartoshka ham bor.

Xususan, kartoshka ekish maydonini 16 ming gektarga kengaytirish orqali 166 ming gektar yerda kartoshka ekish belgilangan. Ehtiyojdan kelib chiqib, 5 ming gektarda qo‘shimcha mahsulot yetishtiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining qayd etishicha, mamlakat aholisining kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi 4 mln tonnani tashkil etadi. O‘tgan yil jami 3,7 mln tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 mln tonna va takroriy ekin sifatida 1 mln tonna kartoshka yetishtirilgan.

Hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan va tabiiy yo‘qotish 100 ming tonna (3%) atrofida belgilangan. 2024−2025-yil qish va bahor mavsumi uchun tayyorlov korxonalari tomonidan 245,5 ming tonna kartoshka zaxiraga jamg‘arilgan.

Avvalroq Qozog‘istondan O‘zbekistonga olib kelinayotgan 1 ming tonnaga yaqin kartoshka chegarada chirib ketgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.