Avvalroq Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda prokuratura organlariga muqobil energiya manbalari joriy etilishini nazoratga olish topshirilgani haqida xabar berilgandi.

Bu bo‘yicha Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan nazorat ishlarini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabining yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Energetika va Ichki ishlar vazirliklari, departament, “O‘zenergoinspeksiya”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta'minot” va ularning hududiy tuzilma rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda talon-toroj qilish holatlarini oldini olish va energoresurslarini iqtisod qilish jarayonlari tanqidiy muhokama qilindi.

Xususan, 100 mingta obyekt va 150 mingta xonadonda jami quvvati 600 MVt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish belgilangan. Buning uchun mahalliy hokimliklar, bojxona, inspeksiya, banklar, ta’minot korxonalari va boshqa tegishli idoralardan iborat ishchi guruh tuziladi.

Respublika shtabi energoresurslarini tejashning qo‘shimcha manbalarini aniqlashni, reaktiv batareya o‘rnatish bo‘yicha ulgurji iste’molchiga yozma ko‘rsatma yuborishni hamda ikki bosqichliga o‘tkazishni nazorat qiladi.

Shu bilan birga, nostandart gaz yondirgichlarni almashtirish bo‘yicha tumanlar kesimida oyma-oy grafik ishlab chiqish va 400 ta yirik korxonalarda energoaudit o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Mas’ullar yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan tanqid qilinib, vazifalarni belgilangan muddatlarda bajarish va muammolarni tezkorlik bilan hal qilish bo‘yicha ogohlantirildi.

Shohrux Aminov prokuratura organlariga 2025-yilda aholi xonadonlari, kichik tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining 40%ida quyosh panellari va suv kollektorlarini o‘rnatish vazifasi qo‘yilganini qayd etgandi.

Avvalroq 2024-yilda fuqarolar quyosh panellari orqali 12 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi sotgani haqida xabar berilgandi. 10 mingdan ortiq fuqarolarga xonadonida ishlab chiqarilgan 12,18 mln kVt/soat elektr energiyasi uchun subsidiya berildi.